Joriy haftada Moskvada navbatdagi uchinchi Rossiya–Afrika sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu yirik xalqaro tadbir doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin qit’a yetakchilari bilan uchrashib, Moskva va Afrika mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy, harbiy hamda siyosiy aloqalarni kengaytirish yo‘llarini muhokama qiladi. Kutilayotgan yalpi majlisga Burundi prezidenti hamda Afrika Ittifoqi raisi Evarist Ndayishimiye hamraislik qiladi. Sammitga parallel ravishda sarmoyalar, sanoat ishlab chiqarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, energetika va to‘lov tizimlariga bag‘ishlangan ikki kunlik iqtisodiy hamda gumanitar forum o‘tkazilishi, unda 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik rejalari taqdim etilishi kutilmoqda.
Shunga qaramay, tahlilchilar Moskva ilgari surgan ulkan iqtisodiy va’dalar hamda amaldagi natijalar o‘rtasidagi nomutanosiblikka e’tibor qaratmoqda. Xususan, 2019-yilda Sochida bo‘lib o‘tgan birinchi sammitda yillik tovar ayirboshlash hajmini 40 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilgan bo‘lsa-da, rasmiy statistika bu ko‘rsatkich belgilangan muddatlarda to‘liq oqlanmaganini ko‘rsatadi. Savdo aylanmasidagi asosiy ulush Rossiya eksportiga to‘g‘ri kelmoqda — g‘alla va mineral o‘g‘itlar yetkazib berish qit’aning oziq-ovqat ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilayotgan bo‘lsa-da, bu savdo balansi Afrika davlatlari uchun jiddiy kamomad keltirib chiqarmoqda. Shu bilan birga, imzolangan qator yirik sanoat loyihalari to‘xtab qolgan yoki ularning ijrosi kechikmoqda.
Rossiyaning mintaqadagi faolligi xavfsizlik va harbiy sohada ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘nlab Afrika davlatlari bilan harbiy hamkorlik bitimlari imzolangan bo‘lib, instruktorlar va maxsus bo‘linmalar orqali qator davlatlar rahbarlariga ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Mali va Markaziy Afrika Respublikasi kabi mamlakatlarda harbiy ishtirok mahalliy hukumatlarni himoya qilishga yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, mintaqada davom etayotgan to‘qnashuvlar hamda tinch aholi xavfsizligi bilan bog‘liq murakkab vaziyatlar hanuz chuqur muammo bo‘lib qolmoqda.
Global geosiyosiy maydondagi raqobat kuchaygan bir paytda, g‘arbiy ittifoqchilar va AQSh rejimi kiritgan sanksiyalar fonida Moskva Afrika bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishga intilmoqda. Afrika yetakchilari esa o‘z navbatida xorijiy sheriklar, jumladan, Vashington rejimi, Yevropa davlatlari rejimlari yoki Xitoy bilan bo‘lgani kabi, Moskva bilan aloqalarda ham o‘zaro manfaatli shartlar, haqiqiy sarmoyaviy taraqqiyot va barqaror xavfsizlik kafolatlarini talab qilmoqda.
Source: www.aljazeera.com