Xitoylik mutaxassislar boshchiligidagi xalqaro tadqiqotchilar guruhi Yerga yaqinlashib kelgan 2024 XA1 asteroidining o‘z o‘qi atrofida o‘ta yuqori tezlikda aylanishini aniqladi. Maʼlum qilinishicha, bu ko‘rsatkich hozirga qadar fan olamiga maʼlum bo‘lgan barcha osmon jismlari orasida mutlaq rekord hisoblanadi va atigi 1,63 soniyani tashkil etgan.
Mazkur kosmik jism joriy yilning 4-dekabr tongida Sharqiy Sibir hududi uzra Yer atmosferasiga kirib kelgani aytilmoqda. Mutaxassislar uni atmosferaga kirishidan bor-yog‘i 10 soat oldin payqashga muvaffaq bo‘lgan. Ushbu holat asteroidning Yerga kelib tushishini oldindan bashorat qilish bo‘yicha tarixdagi o‘n birinchi muvaffaqiyatli urinish sifatida qayd etildi.
Ilmiy izlanishlar Xitoy Fanlar akademiyasining Yunnan astronomiya observatoriyasi xodimlari Çjan Silyan va Fan Syanyuy rahbarligida olib borildi. Tadqiqot natijalari nufuzli The Astronomical Journal ilmiy nashrida chop etildi. Olimlarning taʼkidlashicha, bunday kichik o‘lchamdagi va tez harakatlanuvchi obyektlarni o‘ta qisqa fursatda kuzatish hamda ularning fizik xususiyatlarini o‘rganish jiddiy qiyinchiliklar tug‘diradi.
Tadqiqotchilarning tushuntirishicha, bunday favqulodda tez aylanish vaqtida yuzaga keladigan markazdan qochma kuch asteroid sirtidagi tortishish kuchidan sezilarli darajada ustun keladi. Biroq shunga qaramay, jism parchalanib ketmagan. Bu esa 2024 XA1 oddiy sochilib yotgan bo‘laklar to‘plami emas, balki yuqori ichki mustahkamlikka ega bo‘lgan yaxlit qattiq jism ekanini isbotlaydi. Mutaxassislar uning yirikroq osmon jismining to‘qnashuvi natijasida hosil bo‘lganini taxmin qilmoqda.
Source: kun.uz