Zimbabvening platina sanoati milliardlab dollar daromad keltirayotganiga qaramabay, konchilik jamoalari yashovchi oddiy fuqarolar yer ostidan qazib olinayotgan ulkan boyliklar fonida infratuzilma, maktablar, yo‘llar va toza ichimlik suvidan mahrum holda yashashda davom etmoqda. Jahon platina investitsiya kengashi ma'lumotlariga ko‘ra, qimmatbaho metallar narxining oshishi va ta'minotdagi xavotirlar sababli platina narxi bir unsiya uchun rekord darajadagi 2,923 dollarga yetgan edi.
Janubiy Afrikadan keyin dunyoda ikkinchi yirik platina guruhi metallari zaxirasiga ega bo‘lgan Zimbabve uchun bu narxlar sakrashi iqtisodiyotning asosiy tarmog‘idan olinadigan daromadni oshirish uchun imkoniyat yaratishi kerak edi. Qo‘shma Shtatlarning Xalqaro savdo ma'muriyati ma'lumotlariga ko‘ra, tog‘-kon sanoati mamlakat eksportining qariyb 75 foizini va yalpi ichki mahsulotining 14.5 foizini tashkil qiladi. O‘tgan yili konchilik sektori rekord darajadagi 8.5 milliard dollarlik eksport daromadini qayd etgan bo‘lsa-da, bu mablag‘lar oddiy aholining turmush tarziga ijobiy ta'sir ko‘rsatmagani aytilmoqda.
Xususan, Zimbabvening yirik platina konlaridan biri joylashgan Mondono-Ngezi tumanida mahalliy aholi yo‘llarning yaroqsizligi, maktab yetishmovchiligi va ekologik muammolardan aziyat chekmoqda. Qishloq oqsoqollari va mahalliy kengash vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bolalar ta'lim olish uchun o‘nlab kilometr masofani piyoda bosib o‘tishga majbur bo‘lmoqda, ba'zi maktablarda esa o‘quvchilar hatto daraxtlar ostida o‘qishga uringani kuzatilgan. Shuningdek, mahalliy aholi konlardan oqib chiqayotgan chiqindilar va oqova suvlari Ngvazani daryosini ifloslantirib, ularning kundalik ehtiyojlari uchun yaroqsiz holatga keltirganidan shikoyat qilmoqda.
Shunga qaramay, konchilik kompaniyalari, jumladan, Zimplats va Unki o‘zlarining ijtimoiy dasturlari doirasida mahalliy jamoalarga ma'lum miqdorda sarmoya kiritayotganini da'vo qilmoqda. Kompaniya vakillari suv quduqlari qazilgani, maktablar va uy-joy loyihalariga yordam berilganini ta'kidlagan bo‘lsa-da, aholi talablarining yuqoriligi sababli bu chora-tadbirlar yetarli bo‘lmayapti. Mahalliy aholi yer ostidagi ulkan boyliklar o‘zlarining turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qilishi va kelajak avlod uchun munosib meros qoldirilishini talab qilmoqda.
Source: www.aljazeera.com