Tahlilchilarning fikricha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning ehtimoliy iste'fosi mamlakatning tashqi siyosatida yoki mintaqaviy xavfsizlik yondashuvlarida sezilarli yumshatishni keltirib chiqarmaydi. Mutaxassislar hokimiyat tepasiga kelishga intilayotgan siyosiy kuchlar orasida ham G'azodagi harbiy harakatlarni oxirigacha yetkazish, Xamas harakatini to'liq yo'q qilish hamda Eron va Turkiyaga nisbatan qattiqqo'l pozitsiyani saqlab qolish tarafdorlari ko'pchilikni tashkil etishini ta'kidlamoqda.
Siyosatshunos Farhod Karimovning so'zlariga ko'ra, hukmron "Likud" partiyasi va muxolifatdagi asosiy guruhlar dasturlarida tub farqlar mavjud emas. Xususan, sobiq harbiylardan iborat bo'lgan muqobil kuchlar vaqt o'tishi bilan urushni to'xtatish emas, aksincha uni yanada keskinroq davom ettirish g'oyasini ilgari surmoqda. Ayzenkot kabi muxolifat arboblari Xamas masalasida amaldagi rahbariyatdan ham radikalroq yondashuvlarni yoqlashi aytilmoqda, bu esa kelgusida mojaroning yanada murakkablashish xavfini oshiradi.
Ekspert Kamoliddin Rabbimov esa Isroil jamiyatidagi shaxslararo raqobat va shaxsiy motivatsiyalarga e'tibor qaratdi. Uning iddao qilishicha, muxolifat saflarida Avigdor Liberman kabi o'ta o'ng siyosatchilarning mavjudligi va harbiylarning shaxsiy fojialari, xususan, yaqinlarini yo'qotgani qasos olish kayfiyatini kuchaytiradi. Shu boisdan ham, Isroil rejimi rahbariyatida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan har qanday o'zgarishlar Falastin masalasi va qo'shni davlatlarga nisbatan yondashuvlarni yumshatishdan yiroq ekani taxmin qilinmoqda.
Source: kun.uz