Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xalqaro olimlar guruhi 115 million yil avval yashagan kichik teropod dinozavrining suyagida minerallashgan eritrotsitlar va gemoglobin tarkibiga kiruvchi gem biomolekulalarini aniqlaganini maʼlum qildi. Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, mazkur topilma tarixdagi eng qadimiy dinozavr qon hujayralari qoldiqlari hisoblanadi.

Asosiy faktlar: Avstraliyaning Kertin universiteti mutaxassislari rahbarligidagi tadqiqot 115 million yillik Aratasaurus museunacionali dinozavrining suyak qoldiqlarini o‘rgandi. Olimlar hujayra ichida temir, uglerod va azot elementlarini topib, ularning haqiqiy qon hujayralari ekanini kimyoviy jihatdan tasdiqladi.

Ushbu kashfiyot millionlab yillar davomida organik moddalar butunlay parchalanib ketadi, degan ilm-fanda shakllangan qatʼiy qarashni jiddiy shubha ostiga qo‘yadi. So‘nggi o‘n yilliklarda turli ilmiy guruhlar dinozavr qoldiqlarida oqsillar saqlanib qolgani haqida xabar bergan bo‘lsa-da, ularning hayvonning o‘ziga tegishli ekanini isbotlash nihoyatda qiyin kechgan edi.

Qazilma qoldiq dastlab 2008-yilda Braziliyaning shimoli-g‘arbiy qismidagi shaxtadan topilgan edi. Suyakning ichki qismini batafsil mikroskopik tekshiruvdan o‘tkazgan tadqiqotchilar toshqotgan qon tomir kanallarini va ularning ichida ellipsoid shaklidagi mikrotuzilmalarni payqashdi. Shubhaga o‘rin qoldirmaslik uchun olimlar ushbu tuzilmalarni zamburug‘lar yoki mikroorganizmlar qoldiqlari emasligini tekshirishdi.

O‘tkazilgan geokimyoviy tahlillar natijasida hujayralar ichida faqat qon hujayralariga xos bo‘lgan birikmalar – kislorod tashish vazifasini bajaruvchi gemoglobinning asosiy qismi bo‘lgan gem aniqlandi. Elementlar taqsimotini xaritalash usuli orqali namunaning turli qismlaridagi kimyoviy birikmalar aniq farqlanib ko‘rsatildi.

Mazkur tadqiqotning yakuniy natijalari va kelgusidagi bosqichlar qadimgi organizmlarning biokimyoviy evolyutsiyasini o‘rganishda yangi eshiklarni ochishi kutilmoqda. Olimlar kelgusida boshqa qadimiy qoldiqlar ustida ham shunday chuqur tahlillarni o‘tkazishni rejalashtirgan.

Source: kun.uz