Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish sur'atlarini oldingi yillardagi yuqori ko‘rsatkichlardan so‘ng 2026-yilda 6,7 foiz, 2027-yilda esa 6,8 foiz darajasida bo‘lishini prognoz qilmoqda. Bankning "Osiyo taraqqiyoti istiqbollari" hisobotida 2025-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga "favqulodda kuchli" o‘sgani qayd etildi, bu esa O‘zbekistonning o‘z ichki baholariga mos keladi.
OTB tahlilchilarining ma'lumotlariga ko‘ra, 2025-yildagi yuqori o‘sish asosan xizmatlar sohasining 14,7 foizga o‘sishi hisobiga amalga oshdi. Savdo, logistika, raqamli xizmatlar va turizm sektorlari jadal rivojlandi. Sanoat (qurilishni hisobga olmaganda) 6,8 foizga o‘sgan bo‘lsa, qurilish sohasi 14,2 foizga o‘sib, uy-joy qurilishi va infratuzilmaga kiritilayotgan faol investitsiyalarni aks ettirdi. Qishloq xo‘jaligi esa 4,4 foiz o‘sish bilan iqtisodiy yuksalishga o‘z hissasini qo‘shdi.
OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya: "O‘zbekiston barqaror ichki talab, yuqori darajadagi investitsiyalar va davom etayotgan tarkibiy islohotlarga tayanib, keyingi ikki yilga mustahkam iqtisodiy pozitsiya bilan kirib bormoqda". 2025-yilda ichki talab iqtisodiy o‘sishning asosiy tayanchi bo‘lib qoldi, bunda aholi daromadlarining o‘sishi (9,2%), faol ishbilarmonlik muhiti va yuqori darajadagi sarmoyalar (10,5% o‘sish) muhim rol o‘ynadi.
Bank ma'lumotlariga ko‘ra, inflyatsiya 2024-yildagi 9,8 foizdan 2025-yilda 7,3 foizgacha pasaydi, bu qat'iy pul-kredit siyosati va valyuta kursining mustahkamlanishi natijasidir. Tahlilchilar inflyatsiyaning 2026-yilda 6,5 foizga, 2027-yilda esa Markaziy bankning 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichiga yaqinlashishini kutmoqda, ammo energiya tariflaridagi tuzatishlar va oziq-ovqat ta'minotidagi xatarlar bu jarayonni sekinlashtirishi mumkin.
OTB hisobotida davlat korxonalarini isloh qilish va Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo‘lish orqali iqtisodiyotning tarkibiy transformatsiyasini jadallashtirish O‘zbekiston uchun asosiy vazifa ekanligi ta'kidlandi. JSTga a'zo bo‘lish islohotlarni mustahkamlash, raqobatbardoshlikni oshirish va yuqori sifatli investitsiyalarni jalb qilishga yordam berishi kutilmoqda. Biroq, hisobotda global moliyaviy beqarorlik, xalqaro savdodagi noaniqlik va davlat korxonalari bilan bog‘liq fiskal risklar kabi xatarlar ham ko‘rsatib o‘tilgan.
Source: www.gazeta.uz