Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shavkat Mirziyoyev ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilm-fan samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ilm-fan sohasini qo‘llab-quvvatlash, xalqaro raqobatbardoshlikni oshirish va ilmiy faollikni kuchaytirish bo‘yicha qator islohotlar amalga oshirilgani qayd etildi. Xalqaro jurnallarda chop etilayotgan maqolalar soni va yuqori reytingli nashrlardagi tadqiqotlar ulushi ham oshib bormoqda.

Taqdimotda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qator tashabbuslar muhokama qilindi. Xususan, sun’iy intellekt, qayta tiklanuvchi energiya, oziq-ovqat xavfsizligi, tibbiyot, suv resurslari, yangi materiallar va seysmologiya kabi ustuvor sohalar uchun ilmiy kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etish taklif etildi.

Bu yo‘nalishlardagi doktorantlar stipendiyasini 1,7 barobarga oshirish, shuningdek, tadqiqotlarda foydalaniladigan asbob-uskuna va reagentlar xaridi uchun har yili qo‘shimcha mablag‘ ajratish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, ilmiy rahbarlarni rag‘batlantirishning natijaga yo‘naltirilgan mexanizmini joriy etish taklif qilindi. Bunda muvaffaqiyatli himoya qilingan dissertatsiyalar bo‘yicha ilmiy rahbarlarning xalqaro ilmiy faollik ko‘rsatkichlari ham inobatga olinadi.

Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasi faoliyatini takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, komissiyani O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi tizimiga o‘tkazish, ilmiy kengashlar faoliyatini reyting asosida baholash hamda ilmiy daraja berish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish taklif qilinmoqda.

Xususan, dissertatsiya himoyasidagi amaldagi tartib-taomillarning 50 foizini raqamlashtirish orqali qisqartirish rejalashtirilgan. Bu ortiqcha hujjatbozlik, avtoreferatlarni ko‘p nusxada chop etish va dissertatsiyalarni takroran muhokama qilish kabi talablarni bekor qilish imkonini beradi.

Shuningdek, “Loyiha doirasida ilmiy daraja” va “Amaliy doktorantura” dasturlarini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. Ushbu yondashuvga ko‘ra, PhD tadqiqotlari iqtisodiyotning real sektori ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi va korxonalar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Taqdimotda ilmiy loyihalarni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, xalqaro ekspertlarni jalb qilish, ilmiy faoliyatni monitoring qilishning yagona raqamli tizimini joriy etish va akademik halollik mexanizmlarini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Prezident taqdim etilgan takliflarni puxta ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish muhimligini ta’kidladi.

Source: www.gazeta.uz