Janubiy Sudan va Sudan chegarasidagi bahsli Abyei hududida bir necha kun davom etgan qabila to‘qnashuvlari oqibatida kamida 26 kishi halok bo‘ldi va 82 kishi yaralandi. Bu haqda payshanba kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ma'lum qildi. BMT Abyei shahri atrofida xavfsizlik kuchlarini kuchaytirganini bildirdi.
Abyei hududida to‘qnashuvlar tez-tez sodir bo‘lib turadi, mintaqaning maqomi Janubiy Sudan 2011-yilda Sudandan mustaqillikka erishib, alohida davlatga aylanganidan beri hal qilinmagan. BMTning Abyei bo‘yicha vaqtinchalik xavfsizlik kuchlari (UNISFA) bayonotiga ko‘ra, zo‘ravonliklar Amiet umumiy bozorida boshlangan. Dushanba kuni bir Ngok Dinka erkagi va seshanba kuni bir Misseriya erkagi o‘ldirilishi ortidan keskinlik avj olgan.
UNISFA ma'lumotlariga ko‘ra, dastlabki qotilliklar bozor atrofidagi ikki raqib jamoa o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirgan. Ngok Dinka va Misseriya chorvador jamoalari o‘rtasida ko‘pincha yaylov va suv manbalari uchun kurash natijasida shunga o‘xshash to‘qnashuvlar tez-tez yuz beradi. Sudanlik arab chorvadorlari bo‘lgan Misseriya quruq mavsumda yaylov izlab janubga, Abyei hududiga ko‘chib keladi va ba'zan mintaqaning doimiy aholisi bo‘lgan Ngok Dinka bilan to‘qnashadi.
UNISFA vakili general-leytenant Ganesh Kumar Shreshta shunday dedi: “Biz ikki jamoa rahbarlari bilan faol muloqot qilmoqdamiz, ular muloqot va nizoni tinch yo‘l bilan hal qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Bizning ustuvor vazifamiz — qurbonlar sonining yanada oshishini oldini olish. Barcha jamoa rahbarlarini muloqotga va tinch birgalikda yashashga chaqiramiz”.
Payshanba kuni UNISFA X (Twitter) sahifasida joylashtirgan bayonotida: “Joyida biz tinch aholini himoya qilish va qasos olishning oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rmoqdamiz”, — deyilgan. UNISFA kuchlari 3000 nafar politsiya va askardan iborat bo‘lib, ularning vazifasi tinch aholini himoya qilishdir.
Abyei neftga boy hudud bo‘lib, Janubiy Sudan va Sudan tomonidan birgalikda boshqariladi, har ikki davlat ham bu hududga da'vo qiladi. Janubiy Sudan 2018-yilgi kelishuv besh yillik mojaroga barham berganidan buyon asosan tinchlikda yashamoqda, o‘sha mojaroda minglab odamlar halok bo‘lgan. Mamlakat mustaqillikka erishganidan buyon birinchi saylovlarini dekabr oyida o‘tkazishi kerak.
Source: www.aljazeera.com