Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san'at sohasi xodimlari bilan uchrashuvda bir qator muhim ijtimoiy qo'llab-quvvatlash choralarini e'lon qildi. Unga ko'ra, endi har yili 1 ming nafar shoir va yozuvchilar, madaniyat va san'at vakillari, muzey xodimi va rassomlarga uy-joy olish uchun ipoteka krediti dastlabki to'lovining 50 foizi davlat tomonidan qoplanadi.
Ijodiy tashkilotlar va madaniyat muassasalariga boshqa hududdan kelib ishlayotgan xodimlar uchun uy-joy ijarasi xarajatlari qoplanadi: Toshkent shahrida oyiga 2,5 million so'mgacha, viloyatlarda esa 1 million 600 ming so'mgacha.
Sog'liqni saqlash sohasida ham katta imtiyozlar berilmoqda. Har yili faoliyatida yaxshi natijalarga erishgan 1 ming nafar soha xodimi davlat tibbiy sug'urta jamg'armasi hisobidan bepul davolanadi. Yana 2 ming nafar ijodkorga davlat tomonidan tibbiy sug'urta paketi taqdim etiladi. Kamida 10 yil ishlagan xodimlarga sanatoriylarga bepul yo'llanma beriladi.
15-iyundan boshlab xalq artisti, xalq shoiri, xalq yozuvchisi kabi yuksak faxriy unvonga ega ijodkorlar aeroport va vokzallardagi VIP zallardan bepul foydalanish huquqiga ega bo'ladi.
Ashula va raqs ansambllarini qo'llab-quvvatlash maqsadida 1-sentabrdan boshlab ulardagi barcha xodimlarning ish haqi 2 baravar oshiriladi. Raqs ustalari uchun pensiya talab qilinadigan raqs staji 20 yildan 15 yilga qisqartirilib, qolgan 5 yilni baletmeyster, repetitor va pedagog sifatida davom ettirishga ruxsat beriladi.
Prezident Yangi Toshkentda qurilishi boshlangan Maqom markazi yonida Raqs saroyini barpo etishni taklif qildi. Mutasaddilarga raqs san'atini rivojlantirish bo'yicha katta dastur ishlab chiqish topshirildi.
Kompozitor va bastakorlar faoliyatini moliyalashtirish va moddiy rag'batlantirish tizimi to'liq qayta ko'rib chiqiladi. Har yili ularga opera, simfoniya kabi mumtoz va zamonaviy janrlar bo'yicha kamida 20 ta yangi asar yaratish uchun davlat buyurtmasi berib boriladi.
Shuningdek, aeroport, vokzal, metro, park, yirik savdo-servis obyektlari, kafe va restoranlarda milliy kuy va qo'shiqlar doim yangrab turishi kerakligi ta'kidlandi.
Source: www.gazeta.uz