Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

23 yoshli Munisa Jumanova hozirda AQShning Jons Xopkins universitetida “Xalqaro munosabatlar va siyosiy iqtisod” ixtisosligi bo‘yicha tahsil olmoqda. Yaqinda u dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Massachusets texnologiya instituti (MIT) doktoranturasiga to‘liq moliyaviy qoplama bilan qabul qilindi.

Munisa tadqiqotlarida Markaziy Osiyoda demokratlashtirish, aholining qarishi, gender siyosati va geosiyosiy qaramlik masalalarini o‘rganadi. Kun.uz’ga bergan intervyusida u xalqaro akademik muhitga moslashish tajribasi va ilmiy izlanishlari haqida so‘zlab berdi.

Munisa Toshkentda tug‘ilib o‘sgan, ota-onasi ziyolilar oilasidan. Otasi harbiy sohada xizmat qilgan, onasi hozirda oliy o‘quv yurtida o‘qishni davom ettirmoqda. Oilada uch farzand bo‘lib, ta’lim va o‘qishga doimo ustuvor ahamiyat berilgan.

“Bizda erkinlikdan ko‘ra tartib va mas’uliyat muhim edi. Otam harbiy bo‘lgani uchun uyda juda qattiq intizom hukm surardi. Bolaligimda ba’zan nega boshqalar kabi erkin emasmiz, deb o‘ylardim. Ammo vaqt o‘tib tushundimki, bu nazoratning asosida ishonchsizlik emas, balki mas’uliyat hissi yotadi”, – deydi Munisa.

U Toshkentdagi 49-maktabda o‘qigan. Maktab yillarida ingliz tili, matematika va huquq fanlaridan olimpiadalarda qatnashib, mustaqil tadqiqotlarga qiziqa boshlagan. Aynan shu davrda xorijiy universitetlarga qiziqish shakllangan.

Pandemiya va moliyaviy cheklovlarga qaramay, Munisa Toshkentdagi Vebster universitetida “Iqtisodiyot va moliya” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrni grant asosida tamomlagan. Hozirda Jons Xopkins universitetida tahsil olmoqda. Uning tadqiqotlari Markaziy Osiyodagi siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar, jumladan, 1920-1930-yillardagi “Xudjum” kampaniyasi, sovet davridagi gender siyosati va tashqi kuchlarning mintaqaviy institutlarga ta’sirini qamrab oladi.

MITga 100% grant bilan qabul qilish jarayoni ilmiy-tadqiqot bayonnomasi, motivatsion xat, CV, nashr etilgan maqolalar, tavsiyanomalar va akademik natijalarni o‘z ichiga olgan. Asosiy omil uning mustaqil tadqiqot tajribasi bo‘lgan.

“Bu jarayonda faqat baholar emas, balki sizning fikrlash tarzingiz, savol qo‘yish va ilmiy muammoni tahlil qilish qobiliyatingiz muhim”, – deydi Munisa Jumanova.

Source: kun.uz