Gazeta o‘rgangan Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston aprel oyida o‘tgan yilning sentabridan buyon ilk bor oltin eksport qildi. Yanvar-aprel oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,8 foizga oshib, 26,3 milliard dollarni tashkil etdi.
Eksport 16,8 foizga kamayib, 10 milliard dollarni, import esa 26,7 foizga o‘sib, 16,4 milliard dollarni tashkil qildi. Savdo taqchilligi 6,38 milliard dollarga yetdi (2025-yilning yanvar-aprel oylarida bu ko‘rsatkich 930,2 million dollar bo‘lgan edi). Shu bilan birga, oltinni hisobga olmaganda, eksport 30,3 foizga — 6,5 milliarddan 8,5 milliard dollargacha o‘sdi.
Aprel oyida oltin eksporti 1,5 milliard dollarga yetdi. Ungacha qimmatbaho metallning tashqi bozorlarga oxirgi yetkazib berilishi 2025-yilning sentabr oyida — 1,475 milliard dollar miqdorida qayd etilgandi. Shu tariqa, O‘zbekiston oltinni xorijga sotishdagi olti oylik tanaffusga chek qo‘ydi.
Eksport qimmatbaho metalning jahon bozoridagi narxlari tebranishi fonida qayta tiklandi. Mart oyidagi pasayishdan so‘ng oltin kotirovkalari yana o‘sishga o‘tdi. Aprel oyi oxiriga kelib, oltinning xalqaro narxi bir unsiya uchun taxminan 4625 dollarni tashkil etdi (bir oyda +1,6%). Shu bilan birga, may oyi oxiriga kelib, oltin narxi 4500 dollardan pastladi.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 70,9 milliard dollargacha o‘sdi. O‘zbekiston Markaziy banki xalqaro zaxiralari tarkibidagi oltin qiymati 743,6 million dollarga oshib, 61,6 milliard dollarga yetdi. Bunda oltin zaxiralarining fizik hajmi 13,4 milliondan 13,32 million troy unsiyasigacha qisqardi. Oltin mamlakat barcha zaxiralarining qariyb 86,9 foizini tashkil etadi.
Oltin O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi — u asosiy eksport tovarlaridan biri va valyuta tushumlarining muhim manbai hisoblanadi. Ayrim yillarda u mamlakat eksportining salmoqli ulushini tashkil etgan, sotuvdan tushgan daromadlar esa savdo taqchilligini qoplash va to‘lov balansini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilgan.
Bundan tashqari, oltin strategik aktivdir: uning zaxiralari Markaziy bankning xalqaro rezervlarini shakllantirib, milliy valyuta va moliya tizimi barqarorligini ta’minlaydi. Yirik konlar va qazib olish hajmi (xususan, NKMK kabi korxonalar orqali) tufayli O‘zbekiston jahon oltin bozoridagi e’tiborga molik o‘yinchilardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, 2025-yilda oltin savdosidan olingan qo‘shimcha daromadlar soliq tushumlarining muhim manbaiga aylandi, buning natijasida hukumat o‘z xarajatlarini 41,2 trillion so‘mga (3,43 milliard dollar) oshirdi.
Source: www.gazeta.uz