Tug‘ilganidan boshlab bolalarning o‘z iqtidorini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishi bir qancha omillarga bog‘liq bo‘ladi. Bunda asosiy omillardan biri oila daromadlari bo‘lsa-da, bu masalaning faqat boshlang‘ich nuqtasi sifatida ko‘rilishi zarur. Bu mavzu haqida fikrlaganda, maktab sifatidagi farq, ta’lim xarajatlarining oila budjetidagi yuki va bolalarning ishga jalb etilishi kabi omillar ham hisobga olinishi kerak.
Mazkur kolonkada Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi tahlilchilari kambag‘allik inson kapitaliga qanday ta’sir qilishini ta’lim misolida ko‘rib chiqadi. Mualliflar iqtisodchi Amartya Senning “Iqtisodiy o‘sishning pirovard maqsadi insonning o‘zi qadrlaydigan hayotni tanlashi hamda yashashiga qobilligi va erkinligini kengaytirishdan iborat” degan fikriga tayanadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasining izchil qisqarishi kuzatilmoqda. Milliy statistika agentligining “Uy xo‘jaliklari budjeti so‘rovi” ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi besh yil ichida kambag‘allik darajasi deyarli uch barobar qisqarib, 2025-yil yakuniga kelib 5,8 foizni tashkil etdi. Shahar va qishloq o‘rtasidagi tafovut ham sezilarli darajada qisqardi.
Biroq ijobiy dinamikaga qaramay, daromadlar tengsizligi muammosi saqlanib qolmoqda. Jini koeffitsiyenti 2025-yilda 32,7 gacha pasaygan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich hali ham jamiyatda sezilarli tengsizlik mavjudligini ko‘rsatadi. Tahlillar daromadlar o‘sishi “boylar manfaati”dan “kambag‘allar manfaati”ga yo‘naltirilgan modelga o‘tganini ko‘rsatmoqda.
Ta’lim sohasidagi tahlillar yanada tashvishli manzarani ochib beradi. PISA xalqaro dasturi doirasida o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, oilaning ijtimoiy-iqtisodiy statusi bo‘yicha eng quyi guruhga mansub o‘quvchilarning fundamental 2-darajaga erishish ko‘rsatkichi eng yuqori guruhdagi tengdoshlariga nisbatan qariyb uch barobar past.
Ta’lim xarajatlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, kam daromadli oilalar o‘z umumiy iste’mol xarajatlarining qariyb 28 foizini ta’limga sarflashga majbur bo‘lmoqda, boy oilalarda esa bu ko‘rsatkich 14 foizni tashkil etadi. Bu kambag‘al oilalarning boshqa muhim ehtiyojlardan qisishiga olib keladi.
Yana bir muhim omil – bolalarning mehnatga jalb etilishi. MIKS ma’lumotlariga ko‘ra, past daromadli uy xo‘jaliklarida o‘smirlarning qariyb har o‘ndan biri ro‘zg‘orga ko‘maklashish maqsadida og‘ir iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanadi. Yuqori daromadli oilalarda bu ko‘rsatkich 1 foizdan kam.
Oaxaca-Blinder dekompozitsiya usuli bilan o‘tkazilgan tahlil shuni ko‘rsatdiki, kam va yuqori daromadli oilalar farzandlari o‘rtasidagi matematika fanidagi o‘rtacha 27,8 balli tafovutning qariyb yarmi maktab darajasidagi omillar bilan izohlanadi. Bu tengsizlik nafaqat uy ichida, balki maktab tizimi orqali ham takrorlanayotganini anglatadi.
Prezidentning 2025-yil 26-dekabrdagi farmoni bilan “Ijtimoiy reyestrga” kiritilgan oila farzandlari uchun 12 xil ta’limga oid imtiyozlar belgilangan. Amartya Sen nazariyasi prizmasidan qaraganda, bu kabi chora-tadbirlar resurslardan foydalanish imkoniyatlarini tenglashtirish orqali inson erkinligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Source: www.gazeta.uz