May oyida so‘m dollarga nisbatan bir oy avvalgi sezilarli mustahkamlanishdan so‘ng biroz zaiflashdi. Bu Gazeta o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlarida aks etadi.
30-aprel kuni dollarning rasmiy kursi 11 937,6 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 31-mayga kelib bu ko‘rsatkich 11 997,83 so‘mga yetdi. Shu tariqa, bir oy ichida dollar 60,23 so‘mga yoki 0,5 foizga qimmatladi.
Taqqoslash uchun, aprel oyida so‘m dollarga nisbatan deyarli 2 foizga mustahkamlangandi. Shunga qaramay, yil boshidan buyon so‘m dollarga nisbatan biroz mustahkamroq bo‘lib qolmoqda. 1-yanvar holatiga ko‘ra kurs 12 025,33 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, may oyi yakunida u 23,39 so‘mga yoki 0,19 foizga pastroq bo‘ldi.
Iqtisodchi, Janubiy Koreyaning Chonbuk Milliy universiteti magistranti va Mirkonomika Telegram kanali muallifi Mirkomil Xolboyev may oyida dollarning mustahkamlanishi nafaqat so‘mga, balki boshqa ko‘plab valyutalarga nisbatan ham kuzatilganini ta’kidladi. Xususan, aprel oyida dollar tanlangan 39 ta valyutadan 32 tasiga nisbatan qadrsizlangan bo‘lsa, may oyida tanlangan valyutalardan 25 tasi dollarga nisbatan qadrsizlandi.
Aprel oyida eng ko‘p mustahkamlangan valyutalardan biri bo‘lgan tenge may oyida dollarga nisbatan 5 foizga zaiflashdi. Rubl esa, aksincha, mustahkamlanishda davom etdi: aprel oyidagi 8,1 foizli o‘sishdan so‘ng may oyining o‘zidayoq u dollarga nisbatan yana 5,1 foizga ko‘tarildi.
Asosiy valyutalar orasida funt sterling va iyena dollarga nisbatan 1,4 foizdan, Shveysariya franki 0,6 foizga, yevro esa 0,5 foizga qadrsizlandi.
Mirkomil Xolboyev, shuningdek, may oyi davomida so‘mning kunlik volatilligi 0,31 foizni tashkil etganini va bu ko‘rsatkich aprel oyiga nisbatan sezilarli darajada oshganini ta’kidladi. Biroq 2025-yilning shu oyiga nisbatan volatillik 9,2 foizga past bo‘lgan.
Iqtisodchining baholashicha, tanlangan boshqa valyutalar bilan solishtirganda, so‘m nisbatan past volatilli valyutalardan biri bo‘lib qolmoqda. Ammo aprel oyiga nisbatan sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi: aprelda so‘m faqat 9 ta valyutaga nisbatan ko‘proq tebranishga ega bo‘lgan bo‘lsa, may oyida uning volatilligi 16 ta valyutaga nisbatan yuqoriroq bo‘ldi.
Oy davomida tanlab olingan valyutalar orasida eng yuqori volatillikka ega valyuta Chili pesosi bo‘ldi — uning kunlik tebranishi 0,62 foizni tashkil etdi. Shuningdek, rubl (0,54 foiz) va tengeda (0,47 foiz) ham yuqori volatillik kuzatildi.
Asosiy valyutalar orasida iyena (0,29 foiz) va yevroda (0,19 foiz) so‘mga nisbatan pastroq volatillik qayd etildi.
Iqtisodchi, shuningdek, may oyida so‘mning mustahkamlanish va qadrsizlanish kunlaridagi volatillik o‘rtasidagi farq keskin oshganiga e’tibor qaratdi. "Hech qaysi oyda so‘m mustahkamlangan kunlarda o‘rtacha kunlik tebranuvchanlik 0,51 foizdan oshmagan edi (hatto so‘mning volotilligi keskin kengaygan iyun-sentabr oylarida ham). Ya’ni may oyida so‘m mustahkamlangan kunlarda eng yuqori tebranuvchanlik qayd etilgan", — deb ta’kidladi u.
So‘mning qadrsizlanish kunlarida esa o‘rtacha volatillik 0,23 foizni tashkil etdi. “Ta’kidlash kerakki, mustahkamlanish va qadrsizlanishning tebranuvchanligi o‘rtasidagi ijobiy farq hech qachon bunchalik yirik bo‘lmagan”, — deb yozdi Mirkomil Xolboyev.
Source: www.gazeta.uz