Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi O‘zbekistonda Ebola virusi infeksiyasining tarqalish xavfi past darajada ekanligini ma’lum qildi.

Qo‘mita mutaxassislari davlat chegaralaridan kirib kelayotgan fuqarolarda tibbiy kuzatuv olib bormoqda. Bu kasallikning mamlakatga kirib kelishining oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda.

“Mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqaror”, deydi idora. Fuqarolardan Ebola virusi faol tarqalgan mamlakatlar va mintaqalarga sayohat qilmaslik so‘ralmoqda.

Ebola jiddiy infeksiya bo‘lib, ayniqsa Afrika qit’asida tez-tez uchraydi. Virus kasallangan hayvonlarning qon, najas, siydik, ter, so‘lagi va boshqa tana suyuqliklari orqali yuqishi mumkin. Shuningdek, kasallangan odam yoki hayvonning biologik suyuqliklari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot orqali yuqadi.

Ebolani davolashning o‘ziga xos usuli yo‘q, infeksiyalangan odamlarni davolash simptomatik terapiya bilan amalga oshiriladi.

Afrika kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Kongo Demokratik Respublikasida 282 ta tasdiqlangan holat qayd etilgan, shundan 42 tasi o‘lim bilan yakunlangan. Bundan tashqari, kasallikka gumon qilingan 1100 ga yaqin holat mavjud. Ugandada yana to‘qqizta holat tasdiqlangan, shundan biri o‘lim bilan yakunlangan.

Kongo DR epidemiya markazi bo‘lib qolmoqda. JSSTga ko‘ra, Ebolaning global pandemiyani chaqirish ehtimoli past.

Avvalroq JSST Markaziy Afrikada Ebola avj olishiga sabab bo‘layotgan Bundibugio virusiga qarshi vaksina 6-9 oyni talab qilishini bildirgandi.

Bir kun avval CEPI (Epidemiyalarga tayyorgarlik innovatsiyalari koalitsiyasi) Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy hududlarini qamrab olgan o‘ta xavfli Ebola Bundibugyo virusiga qarshi vaksinalar ishlab chiqishni tezlashtirish uchun Moderna kompaniyasi va yana ikki guruhga qariyb 60 million dollar ajratishi ma’lum bo‘lgandi.

Source: www.gazeta.uz