Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Hukumati tomonidan qabul qilingan 276-sonli qarorga ko‘ra, 1-sentabrdan boshlab avtobusga chiqishda to‘lov qilmagan yo‘lovchi chiptasiz yurgan deb hisoblanadi. Bu qaror shahar yo‘lovchi transport tizimini takomillashtirish maqsadida qabul qilingan.

Qarorda, shuningdek, haydovchi bilan birga 60 va undan ortiq kishini tashishga mo‘ljallangan, “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifaga mos keladigan M3 toifadagi yangi avtobus, elektrobus va trolleybuslarni 2027-yil 31-dekabrgacha import qilishda utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi qo‘llanilishi belgilangan.

2026-yil 1-sentabrdan boshlab brutto-shartnoma asosida ishlaydigan muntazam shahar avtobus yo‘nalishlarida yo‘lkira haqini to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi. Yo‘lovchi avtobusga chiqish vaqtida yo‘lkira haqini avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi terminallari (validatorlar) orqali to‘lashi shart.

Agar yo‘lovchi yo‘lkira haqini belgilangan usullar bilan to‘lamasa yoki tasdiqlamasa, u chiptasiz yurgan deb hisoblanadi va BHMning 1/10 qismi, ya’ni 41 200 so‘m miqdorida jarimaga tortiladi.

Avvalroq 2026-yilning 4 oyida Toshkentda 50 mingdan ziyod fuqaro avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamagani xabar qilingandi. Chiptasiz yo‘lovchilarni sun’iy intellekt orqali nazorat qilish rejalashtirilgan.

Qaror bilan Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi. Jumladan, shahar chetidan 5 kmgacha yoki transport bosh rejalariga muvofiq 12 kmgacha chetga chiquvchi yo‘nalishlar ham shahar avtobus yo‘nalishlari hisoblanadi.

Transport vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda joriy yilning 1-sentabriga qadar poytaxt jamoat transporti va shahar atrofi temir yo‘l qatnovlarida yo‘lkira haqini to‘lashning integratsiyalashgan tizimini, shu jumladan “elektropoyezd-avtobus” va “elektropoyezd-metro” tarif rejalarini joriy qiladi.

Source: www.gazeta.uz