O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, firibgarlik jinoyatida ayblanib xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Moldova poytaxti Kishinyov shahridan ekstraditsiya qilinib, O‘zbekistonga olib kelingan.
Interpolning O‘zbekiston va Moldovadagi milliy markaziy byurolari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ushbu shaxsning joylashgan manzili aniqlanib, Moldova hududida qo‘lga olingan.
Xalqaro qidiruv O‘zbekiston Interpol Milliy markaziy byurosi tashabbusi bilan e’lon qilingan bo‘lib, ikki davlat byurolari o‘rtasida doimiy axborot almashinuvi va muvofiqlashtirilgan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Zarur ekstraditsiya jarayonlari yakunlanganidan so‘ng, qidiruvdagi shaxs jinoiy javobgarlikka tortish uchun O‘zbekistonning vakolatli organlariga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada O‘zbekiston tomonidan qidirilayotgan ikki ayol qo‘lga olinib, vatanga qaytarilgan edi. Ulardan biri 6 yildan buyon qidiruvda bo‘lib, fuqarolarni AQSh va Yevropaga ishga yuborish uchun yirik miqdordagi mablag‘larini o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda. Ikkinchisi esa odam savdosi jinoyati bo‘yicha gumonlanmoqda.
Source: www.gazeta.uz