Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Zafar mahallasida joylashgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 3 yoshli bola transport vositasi ichida qoldirib ketilishi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova ma’lum qildi.
Holat yakka tartibdagi tadbirkor O.A.ga tegishli oilaviy bog‘chada yuz bergan. Muassasa xodimlarining sovuqqonligi va e’tiborsizligi sababli 3 yoshli bola avtomobil ichida qoldirib ketilgan va vafot etgan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bog‘cha rahbariyati va mas’ul xodimlari bolalarni avtotransportda tashish qoidalariga rioya etish bo‘yicha muntazam ogohlantirib kelingan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Fojiadan so‘ng tadbirkor O.A. bilan tuzilgan bitim hujjatlari bekor qilingan. Vazirlik vafot etgan bolaning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, vaziyatga daxldor barcha mas’ullarga qat’iy chora ko‘rilishini ma’lum qildi.
MMTV ota-onalarga murojaat qilib, amaldagi tartibga binoan bolalarning ta’lim tashkilotlariga xavfsiz kelib-ketishini ta’minlash ularning asosiy vazifalaridan biri ekanini eslatdi va farzandlarining xavfsizligiga e’tiborli bo‘lishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil iyun oyida ham Qashqadaryoning Koson tumanida 2 yoshli qiz bog‘cha direktorining mashinasi ichida qolib vafot etgan edi. O‘sha holatda bog‘cha rahbari 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Source: www.gazeta.uz