Prezidentning tegishli qarori bilan Sadriddin Abdullayevich Turdiyev Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktori vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda qo‘mita xabar berdi.
11-iyun kuni agentlikda o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishni Urbanizatsiya qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev olib bordi. Unda Kadastr tizimi faoliyatini takomillashtirish, bugungi vaziyat va oldinda turgan asosiy vazifalar tahlil qilindi.
Turdiyev ushbu lavozimga qadar Bosh prokuraturada boshqarma prokurori bo‘lib ishlab kelayotgandi. Shuningdek, Xorazm, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari prokurori lavozimlarida ishlagan.
Bundan tashqari, Prezident administratsiya rahbari Saida Mirziyoyevaning farmoyishi bilan agentlik rahbarining sobiq o‘rinbosari Abdushukur Abdullayev Kadastr agentligi direktorining maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.
Kadastr agentligining avvalgi rahbari Farrux Po‘latov 2025-yil noyabr oyidan buyon Soliq qo‘mitasini boshqarmoqda.
Source: www.gazeta.uz