2026-yil yanvar-aprel oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 508,3 mln dollarlik tabiiy gaz import qildi. Bu haqda Gazeta o‘rgangan Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida aytiladi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 53,6 foizga yuqori. Milliy statistika qo‘mitasining yangilangan ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yanvar-aprel oylarida gaz importi 330,9 mln dollarni tashkil etgan.
Shu bilan birga, bir yil avval e’lon qilingan hisobotda shu davr uchun gaz importi hajmi 150,5 mln dollar deb ko‘rsatilgan edi. Demak, 2025-yil yanvar-aprel oylari bo‘yicha yangilangan va dastlabki ma’lumotlar o‘rtasidagi farq 180,4 mln dollarga teng bo‘ldi.
2026-yilning yanvar oyida 167,6 mln dollarlik, fevralda 34,6 mln dollarlik, martda 158,3 mln dollarlik va aprelda 147,8 mln dollarlik tabiiy gaz import qilingan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, tabiiy gaz eksporti esa to‘rt oy ichida 129,4 mln dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga (199,7 mln dollar) nisbatan 35,2 foizga kamaygan.
Statistikaga ko‘ra, yanvar oyida gaz eksporti amalga oshirilmagan. Eksport fevral oyida qayta tiklanib, 7,1 mln dollarni tashkil etgan. Mart oyida ko‘rsatkich 29,4 mln dollarga, aprelda esa 92,7 mln dollarga yetgan.
Xitoy Bojxona bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston yanvar-aprel oylarida Xitoyga 46,05 mln dollarlik tabiiy gaz eksport qilgan. Jumladan, yanvarda 1,09 mln dollarlik kichik hajmdagi yetkazib berish amalga oshirilgan bo‘lsa, ikki oylik tanaffusdan keyin aprelda yana 44,97 mln dollarlik import qayd etilgan.
2025-yil yanvar-aprel oylarida, Xitoy bojxonasi ma’lumotlari bo‘yicha, O‘zbekiston Xitoyga 143 mln dollarlik gaz eksport qilgan (3,1 barobar ko‘p). O‘sha davrda gaz yetkazib berish barcha to‘rt oy davomida amalga oshirilgan.
Avvallari O‘zbekiston eksport qiladigan gazning deyarli barchasi Xitoyga yo‘naltirilar edi. Gazeta bir necha bor Xitoy bojxonasi ma’lumotlarida O‘zbekistondan import qilingan gaz hajmi o‘zbek tomoni e’lon qilgan raqamlardan yuqori ekanini qayd etgan. Masalan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, Xitoy O‘zbekistondan import qilingan gaz hajmini 773,3 mln dollar deb baholagan. O‘zbekiston statistikasiga ko‘ra esa tabiiy gazning umumiy eksporti — nafaqat Xitoyga, balki barcha mamlakatlarga — 628,8 mln dollarni tashkil etgan. Tafovut 144,5 mln dollarga yetgan.
Umuman olganda, 2020−2025-yillar davomida ikki mamlakat idoralari ma’lumotlari o‘rtasidagi gaz yetkazib berish bo‘yicha farq 687,2 mln dollarga teng bo‘lgan.
2026-yil yanvar-aprel oylari yakunlariga ko‘ra ham tafovut sezilarli — 83,3 mln dollardan ortiq bo‘lgan. Biroq bu safar farq teskari yo‘nalishda kuzatilgan: o‘zbek tomoni Xitoy ma’lumotlariga nisbatan ko‘proq eksport hajmini qayd etgan.
Nazariy jihatdan gazning bir qismi boshqa mamlakatlarga, masalan, Tojikiston yoki Qirg‘izistonga yetkazib berilgan bo‘lishi mumkin. Biroq Qirg‘iziston statistikasiga ko‘ra, yanvar-mart oylarida bu mamlakatga o‘zbek gazi yetkazib berilmagan. Tojikiston esa gaz importi hajmini oshkor qilmaydi, ammo avvalgi yillarda bu ko‘rsatkichlar ahamiyatsiz darajada bo‘lgan.
Source: www.gazeta.uz