Tashqi ishlar vazirligi xorijda istiqomat qilayotgan yoki sayohatni rejalashtirayotgan mamlakat fuqarolari uchun konsullik xizmatlarini masofadan turib olish imkonini beruvchi mobil ilovani ishga tushirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Ilovada O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining yagona bazasi shakllantirilgan. Foydalanuvchilar elchixona va konsulliklarning manzillari, aloqa ma’lumotlari hamda joylashgan joyini bilib olishi, shuningdek, o‘zlari bo‘lib turgan mamlakat yoki hudud qaysi konsullik okrugiga tegishli ekanini aniqlashi mumkin.
Xizmat hozirda test rejimida ishlamoqda. Birinchi bosqichda ilova orqali O‘zbekistonga qaytish sertifikatini rasmiylashtirish hamda vaqtinchalik yoki doimiy konsullik hisobiga turish imkoniyati mavjud. Kelgusida elektron xizmatlar ro‘yxatini kengaytirish rejalashtirilgan.
Ilovada so‘rovnoma va arizalarni avtomatik to‘ldirish tizimi ham joriy etilgan bo‘lib, unda majburiy maydonlarning qariyb 80 foizi avtomatik tarzda to‘ldiriladi. Bundan tashqari, undan xorijiy davlatlarning O‘zbekiston fuqarolari uchun viza talablari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘limi ham o‘rin olgan.
Ilovani Google Play va App Store platformalaridan yuklab olish mumkin.
Source: www.gazeta.uz