Senatning navbatdagi yalpi majlisida shanba kuni «Aholini shovqinning zararli ta'siridan himoya qilish to'g'risida»gi Qonun ma'qullandi, deb xabar beradi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.
Senatorlarning ta'kidlashicha, amalda aholining sog'lig'i va tinchligiga, uning normal dam olishiga salbiy ta'sir ko'rsatadigan zararli shovqinlarga qarshi kurash masalalarini kompleks tartibga soluvchi yagona huquqiy hujjat mavjud emas. 7 sanitariya me'yor va qoidalariga qaramasdan, qonunchilik bu borada qat'iy talablarni belgilamaydi. Shuningdek, qonunchilikda inson salomatligi uchun zararli va ruxsat etilgan darajadan oshib ketadigan shovqin chiqaradigan ob'ektlarni javobgarlikka tortish masalalari to'liq va aniq belgilanmagan.
Mazkur qonun bilan aholini shovqinning zararli ta'siridan himoya qilishning umumiy qoidalari, bu sohadagi davlat organlarining vakolatlari, shuningdek aholini shovqinning zararli ta'siridan himoya qilish choralari aniq belgilanadi.
Shuningdek, fuqarolarning tinchligi va normal dam olishini buzadigan shovqinlar, fuqarolarning tinchligi va normal dam olishini buzishga yo'l qo'yilmaydigan vaqt oralig'i, shovqinning zararli ta'siri uchun kompensatsiya to'lovlari bilan bog'liq normalar nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarning aholini shovqinning zararli ta'siridan himoya qilish bo'yicha huquq va majburiyatlari belgilanadi.
Parlament yuqori palatasida hujjatning qabul qilinishi aholini shovqinning zararli ta'siridan himoya qilish bo'yicha munosabatlarni tartibga solishga xizmat qilishi ta'kidlandi.
Eslatib o'tamiz, fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligini buzish to'g'risidagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan o'tgan yilning oktyabr oyida uchinchi urinishda qabul qilingan edi. Avvalroq deputatlar qonun loyihasini ikki marta rad etib, qayta ishlashga yuborgan edi. Endi hujjatni davlat rahbari imzolashi kerak.
Source: uznews.uz