Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Albaniya prezidenti Bayram Begaj rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.
Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Albaniya munosabatlari tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu sammit alohida ahamiyatga ega ekanini, uning ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini qayd etdi.
Siyosiy muloqot va turli darajadagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Tovar ayirboshlashni kengaytirishga, agrosanoat majmui, “yashil” energetika, geologiya, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, turizm hamda boshqa muhim sohalarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlashga e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston mahsulotlarini Janubiy Yevropa va O‘rta yer dengizi bozorlariga chiqarishda logistika xabi sifatida Albaniyaning Durres portidan foydalanish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning huquqiy asoslarini kengaytirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida Hukumatlararo komissiyani tashkil etish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yilda Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.
Madaniy-gumanitar sohada tomonlar o‘zaro Madaniyat kunlari, kino namoyishlari, ko‘rgazma va ijodiy safarlarni tashkil etish muhimligini ta’kidladilar.
Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Source: www.gazeta.uz