16-iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumida iqtisodiyot va moliya vaziri maslahatchisi Jasur Qarshiboyev O‘zbekistonning 2030-yilgacha investitsion darajadagi kredit reytingiga erishish maqsadi haqida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, mamlakat xususiy sektor va xususiy kapitalni jalb etish hisobiga iqtisodiy o‘sishning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlashi kerak. “Biz bu muvaffaqiyatning uzoq istiqbolda barqaror bo‘lishini istaymiz. Biz muvaffaqiyatimizni fiskal aralashuvga asoslay olmaymiz. Bu xususiy sektor yetakchiligidagi o‘sish bo‘lishi kerak”, — dedi u.
Qarshiboyev Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 240 mlrd dollarga yetkazish va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirish maqsadi qo‘yilganini ta’kidladi. “Hukumat bu maqsadga biznes uchun yanada qulay muhit yaratish, shuningdek, hisobdorlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli iqtisodiy va institutsional islohotlar orqali erishishga intilmoqda”, — dedi vazir maslahatchisi.
Islohotlar allaqachon o‘z samarasini bermoqda: birinchi chorakda YAIM o‘sishi 8,7 foizni tashkil etdi, inflyatsiya esa pasayib, qariyb 5,5 foiz darajasida turibdi. “O‘ylaymanki, bu global qiyinchiliklarga, tashqi muhitga qaramasdan, bizning qanchalik mustahkam ekanimizni hamda islohotlarni amalga oshirish va qo‘yilgan maqsadga erishish yo‘lida qat’iy ekanimizni ko‘rsatadi”, — deya qayd etdi u.
Vazir maslahatchisi ichki jamg‘armalarning joriy darajasida O‘zbekistonga jadal o‘sayotgan iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun tashqi kapital zarurligini alohida ta’kidladi. “Jamg‘armalarning hozirgi darajasini hisobga olsak, tashqi kapitalsiz bunday yuqori sur’atlar bilan o‘sayotgan iqtisodiyotimizni oziqlantira olmaymiz, deb hisoblaymiz”, — dedi u.
Bu borada ko‘p tomonlama kafolatlar, aralash moliyalashtirish vositalari va eksport-kredit agentliklari alohida ahamiyat kasb etadi. Biroq ulardan foydalanish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlashi kerak. “Avvalo, gap ushbu vositalarning narxi haqida ketmoqda. Biz ulardan faqat boshqa vositalar, ayniqsa, tijoriy moliyalashtirish bilan raqobatlasha oladigan darajada bo‘lgandagina foydalanishimiz mumkin”, — dedi Qarshiboyev.
U reytinglar yaxshilanishi fonida O‘zbekistonning suveren spredlari sezilarli darajada qisqarib, investitsion darajadagi reyting ko‘rsatkichlariga yaqinlashganini ta’kidladi. “Mamlakat riskini aniq baholash va risk uchun munosib ustama haq belgilash uzoq muddatli muvaffaqiyatimizning asosiy shartlaridir”, — dedi u.
Qarshiboyev riskni baholashda institutsional ko‘rsatkichlar ko‘p jihatdan idrokka asoslanishiga e’tibor qaratdi va bu moliyalashtirish qiymatini oshirishi mumkinligini aytdi. “Riskni baholashda institutsional ko‘rsatkichlar asosan idrokka asoslanadi, biroq aynan shu omil narxni sezilarli darajada oshiradi”, — dedi u.
U bu holatni inflyatsion kutilmalar bilan qiyosladi: haqiqiy inflyatsiya 5,5 foiz atrofida bo‘lishi mumkin, kutilmalar esa 10 foizni tashkil etadi. “Siyosiy qarorlar qabul qilish uchun Iste’mol narxlari indeksi (INI) bo‘yicha kutilmalar juda muhim bo‘lishi mumkin, lekin biznes uchun INIning haqiqiy darajasi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu sababli, spredlar investitsion darajadagi reyting ko‘rsatkichlariga yaqinlashayotgan, risk indikatorlari esa ortda qolishda davom etayotgan bir paytda, bu vositalarning jozibadorligi ancha cheklangan bo‘lishi mumkin”, — dedi vazir maslahatchisi.
O‘zbekiston uchun risklarni idrok etishning haqiqiy ko‘rsatkichlarga mos kelishiga erishish muhim. “Mamlakat sifatida biz mustahkam poydevor yaratishimiz, potentsial investorlarning barcha xavotirlarini bartaraf etishimiz hamda ortiqcha haq to‘lamayotganimizga va moliyalashtirish narxi hamyonbopligicha qolishiga ishonch hosil qilishimiz kerak”, — deya qayd etdi u.
Qarshiboyevning qo‘shimcha qilishicha, ustama haqlar haddan tashqari yuqori bo‘lganda aralash moliyalashtirish vositalari va kafolatlar tijoriy moliyalashtirishga yutqazishi mumkin. “Chunki ustama haqlar juda yuqori, tijoriy moliyalashtirish esa investitsion darajadagi reyting ko‘rsatkichlarida bo‘lsa, u bilan raqobatlashish juda qiyin bo‘ladi”, — dedi u.
Vazir maslahatchisining aytishicha, hukumat S&P, Fitch va Moody’s kabi uchta xalqaro reyting agentligi metodologiyasi asosida O‘zbekistonning holatini ichki baholashdan o‘tkazgan. Ularni beshta blokqa ajratish mumkin: iqtisodiy, monetar, fiskal, tashqi va institutsional. “Biz aksariyat hollarda beshta yo‘nalishdan to‘rttasi bo‘yicha fundamental ko‘rsatkichlarimiz investitsiyaviy reyting darajasiga yetganini aniqladik”, — deb bayonot berdi Qarshiboyev.
Uning ta’kidlashicha, hukumatning vazifasi — mamlakatdagi vaziyatning idrok etilishi voqelikka mos kelishi uchun islohotlarni davom ettirish, “zaif nuqtalar”ni bartaraf etish va xalqaro hamkorlar bilan ishlashdir. Reyting agentliklari mamlakatda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida dolzarb ma’lumotlarni olishlari uchun O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va boshqa rivojlanish hamkorlari bilan yaqindan ishlamoqda.
Qarshiboyev prezident 2030-yilgacha investitsiyaviy reytingga (“BBB” yoki “BB-”) erishish vazifasini qo‘yganini ma’lum qildi. “Keyingi qadamlar haqida qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston prezidenti 2030-yilgacha investitsiyaviy reytingga erishishdek ulkan vazifani qo‘ydi. Biz bu maqsadga qat’iy sodiqmiz. Mamlakat reytingini yaxshilash bo‘yicha islohotlarni muvofiqlashtirish uchun Prezident administratsiyasi rahbari boshchiligida maxsus ishchi guruh tuzilgan”, — dedi u.
Vazir maslahatchisining so‘zlariga ko‘ra, bu boradagi ishlar allaqachon boshlangan. “Biz investorlarning barcha xavotirlarini bartaraf etadigan hamda qarz olish xarajatlarini minimallashtirishga imkon beradigan darajada hisobdor va shaffof muhit yaratish uchun islohotlarni amalga oshirmoqdamiz”, — dedi Qarshiboyev.
Muhokama so‘ngida Qarshiboyev tavakkalchilik qiymati mavzusiga qaytdi. Panel ishtirokchilari bir necha bor O‘zbekistonni tavakkalchilik va daromadlilik nisbati nuqtai nazaridan eng jozibador bozorlardan biri sifatida e’tirof etishdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakili bunga ehtiyotkorona munosabat bildirdi. “Agar bu yerda hamma bizda tavakkalchilik va daromadlilik nisbati yaxshi ekanini aytayotgan bo‘lsa, bu biz ortiqcha to‘layotganimizni anglatishi mumkin”, — dedi u.
Uning aytishicha, hukumat mamlakat reytinglari va tasniflari shunchaki idrokni emas, balki real holatni aks ettirishiga erishmoqchi. U eksport-kredit agentliklari orqali moliyalashtirish qiymatiga ta’sir ko‘rsatadigan IHTTning mamlakatlardagi tavakkalchiliklar tasnifini alohida qayd etdi. “Biz hamkorlikka tayyormiz, chunki O‘zbekiston tavakkalchiliklari mamlakatlar bo‘yicha tavakkalchiliklar tasnifida to‘g‘ri aks etishiga erishsak, bu O‘zbekistonda bitimlar ko‘lamini kengaytirishni ham osonlashtiradi, chunki ustama haq (premiya) pastroq bo‘ladi”, — deya ta’kidladi Qarshiboyev.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil noyabr oyida O‘zbekistonning suveren reytingi “BB-”dan “BB”ga ko‘tarilgan, S&P agentligi esa prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirgan. Joriy yilning iyun oyi boshida Fitch Ratings mamlakatning uzoq muddatli reytingi bo‘yicha prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga yaxshilab, reytingni “BB+” darajasida tasdiqladi.
Suveren kredit reytingi — davlatning o‘z qarz majburiyatlarini bajara olish qobiliyatining bahosidir. Uni xalqaro reyting agentliklari (S&P, Fitch va Moody’s) belgilaydi va u investorlar, kreditorlar hamda xalqaro tashkilotlar uchun mamlakatga bo‘lgan ishonchning muhim ko‘rsatkichi bo‘lib xizmat qiladi. Reyting qanchalik yuqori bo‘lsa, investorlar uchun tavakkalchiliklar shunchalik past bo‘ladi, demak, xorijiy kompaniyalar, banklar va jamg‘armalardan mablag‘ jalb qilish osonroq va arzonroq kechadi. Reytingi yuqori bo‘lgan davlatlar ishonchliroq sanalgani uchun pastroq foizda qarz olishi mumkin. Ayrim yirik investorlar va jamg‘armalar faqat ma’lum bir reytingga ega bo‘lgan davlatlar bilan, masalan, reytingi “BB” yoki “Baa”dan past bo‘lmagan davlatlar bilan ishlashi mumkin. Reyting — bu o‘ziga xos “ishonch yorlig‘i” bo‘lib, u mamlakatdagi makroiqtisodiy, fiskal va siyosiy vaziyat qay darajada barqaror sanalishini ko‘rsatadi.
Source: www.gazeta.uz