Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmati 16 iyun kuni ma'lum qildiki, har kuni shahardan olib chiqiladigan chiqindilarning deyarli yarmi belgilanmagan joylarga tashlangan axlatlardan iborat. Profil xizmatlari ma'lumotlariga ko'ra, bunday chiqindilar umumiy hajmning taxminan 40 foizini tashkil qiladi.

Hokimiyat ta'kidlashicha, muammo faqat shahar tozaligini saqlash bilan bog'liq emas. Belgilanmagan joylarga tashlangan axlatlarni yig'ish uchun obodonlashtirish xizmati xodimlarining vaqti, kuchi va resurslari sarflanadi, bu esa ko'kalamzorlashtirish, daraxtlar va gulzorlarni parvarish qilish, ariqlar, ko'chalar va jamoat joylarini saqlashga yo'naltirilishi mumkin edi.

«Yo'l chetida, hovlida, piyodalar yo'lagida yoki konteyner yonida qoldirilgan har bir paket – bu har kuni shaharni toza qiladigan odamlarga qo'shimcha yuk», deyiladi xabarda.

Hokimiyat aholini Toshkentga ehtiyotkorona munosabatda bo'lishga, shahar xizmatlari xodimlari mehnatini hurmat qilishga, shuningdek, chiqindilarni faqat maxsus ajratilgan joylarga tashlashga chaqirdi. «Toza shahar tozalashdan emas, balki har birimizning atrof-muhitga mas'uliyatli munosabatimizdan boshlanadi», deyiladi xabarda.

Avvalroq Toshkent shahar hokimiyati Chirchiq daryosi bo'yida ishbilarmonlik, turar-joy va rekreatsion zonalar yaratish rejalari haqida ma'lum qilgan edi. Ushbu tashabbus doirasida «Daryo bo'yi biznes siti» shaharsozlik loyihasi taqdim etilgan.

Source: kun.uz