O‘zbekiston terma jamoasining bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Jahon chempionatidagi ilk o‘yindan so‘ng matbuot anjumanida o‘z futbolchilari bilan faxrlanishini bildirdi. Uchrashuvni tarixiy deb baholagan Kannavaro, to‘la stadion oldida o‘ynash qiyinligini, ammo bu qo‘shimcha motivatsiya berishini ta’kidladi.
“Men futbolchilarim bilan faxrlanaman. Ular yaxshi o‘ynashdi. Bugun og‘ir o‘yin bo‘ldi. Bunday stadionda, muxlislar oldida o‘ynash oson emas. Ammo bu ko‘proq motivatsiya berishi mumkin”, – dedi u.
Kannavaroning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi bo‘limda jamoa chap qanotdagi faol harakatlar tufayli o‘yinni o‘zgartirib, nazoratni qo‘lga kiritgan. U xatolar borligini tan oldi va ular ustida ishlashga va’da berdi.
Murabbiy, shuningdek, Kolumbiya kabi raqiblarga qarshi o‘yin, ayniqsa to‘psiz bosimda, alohida fidoyilik talab qilishini qayd etdi. Asosiy maqsad – O‘zbekistonni jahon sahnasida munosib namoyon etish ekanligini ta’kidladi.
O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatidagi ilk uchrashuvini Kolumbiyaga qarshi o‘tkazdi. Meksikaning “Atseteka” stadionida bo‘lib o‘tgan K guruhi o‘yini 1:3 hisobida Kolumbiya foydasiga yakunlandi. O‘yin 80,824 tomoshabinni yig‘di.
Source: podrobno.uz