O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Davlatobod tumanidagi “Yangi Namangan” shaharchasida IT-park qurilishining tamal toshini qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2026-yil boshidan buyon Namangan viloyatiga 2 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar jalb qilingan. Bugungi kunda Xitoy, Turkiya, Hindiston va Rossiya hamkorlari bilan birgalikda umumiy qiymati 1,8 milliard dollar bo‘lgan 20 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilmoqda.
Ushbu loyihalar amalga oshirilishi natijasida 6,5 ming ish o‘rni yaratilib, farmatsevtika, yengil sanoat, elektrotexnika, oziq-ovqat, kimyo sanoati hamda qurilish materiallari ishlab chiqarishda 30 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Loyihalarning viloyat iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasi 3,6 trillion so‘mni tashkil etib, eksport 200 million dollarga, byudjet tushumlari esa 400 milliard so‘mga oshadi.
Shu bilan birga, Namangan viloyatida umumiy qiymati 4 milliard dollar bo‘lgan yana 28 ta loyihaga start berilmoqda. Bu sanoat, turizm, savdo majmualari va uy-joy qurilishini rivojlantirishga katta turtki beradi.
Prezident Namangan viloyatida 1,6 milliondan ortiq yosh yashashini, bu esa katta ijtimoiy-iqtisodiy salohiyat ekanligini ta’kidladi. Mintaqada yoshlarning IT va sun’iy intellekt sohasidagi zamonaviy kompetensiyalarini rivojlantirish, ularni yuqori daromadli kasblarga tayyorlashga qaratilgan keng ko‘lamli startap loyihalari amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi salohiyati ekspertlar tomonidan 10 milliard dollarga baholanmoqda. Bu salohiyatni real imkoniyatlarga, imkoniyatlarni esa aniq loyihalarga, yangi ish o‘rinlari yaratish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga aylantirish muhimligi qayd etildi.
So‘nggi yillarda Nukus, Qarshi, Termiz, Urganch va Farg‘ona shaharlarida zamonaviy IT-parklar tashkil etilgan. O‘tgan yilning oktyabr oyida Toshkentda IT-park loyihasining ikkinchi bosqichi ishga tushirilgan.
Xitoy hamkorlari bilan birgalikda amalga oshirilayotgan qiymati 117 million dollarlik yirik loyiha doirasida mamlakatning olti mintaqasida – Yangi Namangan, Samarqand, Chirchiq, Nurafshon, Urganch va Navoiyda IT-parklar tashkil etiladi. Ushbu tashabbus doirasida quriladigan birinchi ob’ekt Yangi Namagandagi IT-park bo‘ladi.
Loyiha Prezidentning 2024-yil 26-fevraldagi “Raqamlashtirish sohasida xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. 1,7 gektar maydonda 17 qavatli zamonaviy bino qurilib, “kalit topshirish” tamoyili bo‘yicha foydalanishga topshiriladi. Barcha ishlar – loyihalash va qurilishdan tortib, ob’ektni zarur infratuzilma bilan jihozlashgacha – xorijiy hamkorlar tomonidan bajariladi.
Taxminan 18 ming kvadrat metr maydonga ega ushbu zamonaviy majmuada ta’lim va eksport markazlari, kovorking va ofis maydonlari, startap akseleratori, shuningdek, xorijiy kompaniyalar uchun ixtisoslashtirilgan xizmat ko‘rsatish tizimi tashkil etiladi.
Bu yerda o‘nlab kompaniyalar va startap-studiyalar yagona IT-ekotizimga birlashgan holda faoliyat yuritadi. Majmua doirasida Namangan yoshlari uchun 2 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
Loyihaning amalga oshirilishi natijasida mintaqada IT-xizmatlarning yillik hajmi 500 milliard so‘mga, eksport hajmi esa 30 million dollarga yetkazilishi kutilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlarga minnatdorlik bildirdi. Shundan so‘ng davlat rahbari “Yangi Namangan” IT-parki qurilishiga tamal toshini qo‘ydi. Shu yerda viloyatda amalga oshirilgan loyihalarning ishga tushirilishi va yangi ishlab chiqarish quvvatlari qurilishining boshlanishi marosimi bo‘lib o‘tdi.
Source: kun.uz