Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining o‘quv binolari E-auksion orqali savdoga qo‘yildi. Bunyodkor ko‘chasi, 27-uy manzilidagi noturar joy binolari, shuningdek, boshqa tumanlardagi fakultet binolari alohida lotlar sifatida sotuvga chiqarilgan.
Arizalarni qabul qilish 20-iyul kuni soat 09:00 gacha davom etadi, savdolar esa shu kuni soat 10:00 da bo‘lib o‘tadi. Auksion oshirib borish usulida o‘tkaziladi. Lotning boshlang‘ich narxi 886,6 mlrd so‘mni tashkil etadi, shundan 1,3 mlrd so‘mi ko‘p yillik daraxtlar qiymatiga to‘g‘ri keladi. Baybosh miqdori 26,59 mlrd so‘m yoki boshlang‘ich narxning 3 foizi, birinchi qadam esa 44,33 mlrd so‘m yoki 5 foizni tashkil etadi.
Yer uchastkasi umumiy maydoni 5,64 gektar, bino va inshootlar maydoni 25 831 kv metr. Obyekt suv, gaz, elektr va kanalizatsiya tarmoqlariga ulangan. Yerga bo‘lgan huquq turi doimiy foydalanish sifatida ko‘rsatilgan. Xaridor obyekt negizida shaharsozlik me’yorlariga muvofiq xususiy ta’lim muassasasini tashkil etishi va faoliyatning ushbu turini saqlab qolishi shart.
Lot materiallarida obyekt 2029-yil 31-dekabrga qadar bo‘shatilishi kerakligi qayd etilgan. Xaridorga topshirish ushbu sanadan oldin yoki keyin amalga oshirilishi mumkin — bu Yangi Toshkentdagi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti kampuslari qurilishi yakunlanishiga bog‘liq.
2024-yil aprel oyida prezident Yangi Toshkentdagi ilk obyektlar — “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti kampuslari, shuningdek, Milliy kutubxona qurilishini boshlab bergan edi. Davlat rahbari Yangi Toshkentni “ilm-ma’rifat va madaniyat markazi”ga aylanishi kerakligini ta’kidlagan.
Agar davlat aktivi bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilsa va dastlabki to‘lov 35 foizdan kamni tashkil etsa, qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida foiz hisoblanadi. Dastlabki to‘lovning kamida 35 foizini to‘lagan xaridor sotib olingan obyektdan kredit bo‘yicha garov sifatida foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Xususiylashtirish uchun asos sifatida prezidentning 2025-yil 21-apreldagi farmoni ko‘rsatilgan.
Universitet 1935-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 18 mingdan ortiq talabani o‘qitishga mo‘ljallangan. Hozirda ta’lim 6 ta fakultet, bakalavriatning 58 ta va magistraturaning 30 ta yo‘nalishi bo‘yicha olib borilmoqda. 2025-yilda OTMni 6000 nafardan ortiq talaba tamomlagan.
Avvalroq Toshkent davlat yuridik universitetini Yangi Toshkentga ko‘chirish rejalashtirilgan edi. Oliygoh o‘rnida TDYUU huzuridagi O‘zbekiston huquqi tarixi muzeyi, O‘zbekiston nizolarni hal etish markazi, Raqamli huquq markazi va Raqamli sud ekspertiza markazini joylashtirish rejalashtirilgan.
Toshkentda “Issiqlik elektr stansiyalari” binosi ham 191,5 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan sotuvga qo‘yilgan edi. Undan avval Hamkorbank poytaxt markazidagi Qurilish vazirligining sobiq binosini 196 mlrd so‘mga sotib olgan.
2024-yil noyabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev barcha davlat ijro hokimiyati organlari, jumladan vazirlik va idoralar, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarini Yangi Toshkentga ko‘chirish rejalari haqida ma’lum qilgan edi.
Avvalroq ayrim oliygohlarni ham shahar markazidan boshqa tumanlarga ko‘chirish masalasi muhokama qilingan. 2023-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya instituti poytaxt markazidan Sergeli tumaniga ko‘chirilishi mumkinligi xabar qilingan. Toshkentda Farmatsevtika institutini ham shahar markazidan Zangiota tumaniga ko‘chirish taklif qilingan edi. Bo‘shaydigan hududda mehmonxona va 1000 o‘rinli avtoturargoh qurish rejalashtirilgan.
Yangi Toshkent qurilishi 2023-yil mart oyida davlat rahbari bo‘lajak shahar o‘rnida kapsula qo‘yganidan keyin boshlangan. Yangi shahar 1 mln aholiga mo‘ljallangan.
Source: www.gazeta.uz