O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Jahon chempionati guruh bosqichining ikkinchi o‘yinida Portugaliyadan 5:0 hisobida uchralgan mag‘lubiyatga izoh berdi.
"Albatta, Jahon chempionatidagi birinchi ishtirokingiz oson bo‘lmasligi mumkin. Qur’a natijalari e’lon qilinganida va Kolumbiya va Portugaliyani ko‘rganimizda, bizni juda qiyin guruh kutayotganini tushundik", — dedi u.
Kannavaro yirik hisobdagi mag‘lubiyatga qaramay, jamoasi bilan faxrlanishini ta’kidladi: "Kolumbiya bilan o‘yindan keyin men jamoam bilan qanchalik faxrlanishim haqida gapirgan edim. Bugun ham men ular bilan faxrlanaman. Ha, men ularning cho‘chiganini, qiynalayotganini ko‘rdim, lekin ular bir soniyaga ham taslim bo‘lmadi. To‘p ularda bo‘lganida ham nafaqat himoyalanishdi, balki raqibga muammo yaratishga harakat qilishdi. Men uchun shuning o‘zi ham juda muhim".
Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha chiziqlarda yuqori saviyali o‘yinchilarga ega jamoaga qarshi o‘ynash doim qiyin. "Ular, albatta, maydonga katta motivatsiya bilan tushishdi. Lekin, aytganimdek, bu Jahon chempionati biz uchun tajriba", — dedi Fabio Kannavaro.
Boshlang‘ich tarkib (Kolumbiyaga qarshi o‘yinga nisbatan uchta o‘zgarish amalga oshirildi) va o‘yinchilarning alohida xatolari haqidagi savolga javob berar ekan, Kannavaro o‘yinchilar tanlovi uchun murabbiy javobgar ekanini ta’kidladi: "Albatta, bunga murabbiy javobgar. Albatta, men o‘zimning nazdimda eng yaxshi formada bo‘lganlarni maydonga tushirishga harakat qilaman. Lekin bu har doim shunday bo‘ladi. Men hech narsani isbotlashim shart emas. Men o‘yinchilarimga yordam berish uchun mas’uliyatni o‘z zimmamga olaman, chunki tushunamanki: bu ularning ilk Jahon chempionati".
Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, bu O‘zbekiston terma jamoasining ilk Jahon chempionati, shuning uchun jamoa tajriba orttirish va kuchliroq bo‘lish uchun ushbu o‘yinlardan o‘tishi kerak. "Men futbolchilarga aytdim: ular o‘z paslarida xato qilishlari, noto‘g‘ri qarorlar qabul qilishlari, yomon o‘yin ko‘rsatishlari mumkin — menga baribir. Men ularga ishonch bag‘ishlayman. Men ularga doim ishonch bag‘ishlayman, chunki agar men ularga ishonch bag‘ishlasam, ular o‘sib, o‘zlarini yaxshi his qilishlari va futbol o‘ynashdan qo‘rqmasliklari mumkin", — dedi Kannavaro.
U futbolchi sifatida ham, murabbiy sifatida ham har doim mas’uliyatni o‘z zimmasiga olganini qayd etdi: "Agar bugun 5:0 hisobida yutqazgan bo‘lsak, xatolarni men qilganman".
Uning so‘zlariga ko‘ra, Azizbek G‘aniyevning birinchi bo‘limda hisobga olinmagan goli jamoaga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi: "Menimcha, hisoblanmagan gol bizning o‘zimizga bo‘lgan ishonchimizni ancha pasaytirdi. Bu achinarli, chunki jamoa Kolumbiyaga qarshi o‘yinda bo‘lgani kabi o‘ynay boshladi. Ular ko‘proq jasurlik ko‘rsatib, o‘yinni nazorat qilishga harakat qilib ko‘rishdi, to‘liq 90 daqiqa davomida emas, lekin ular yaxshi o‘ynay boshladilar. Keyin, muvozanat yo‘qolgan vaqtda siz uchinchi golni o‘tkazib yuborasiz va hammasi ancha qiyinlashadi".
Portugaliya haqida gapirar ekan, Kannavaro raqibning barcha jabhalardagi yuqori saviyasini va birinchi turdagi durangdan keyin ularning motivatsiyasini qayd etib o‘tdi: "Har bir liniyada ajoyib futbolchilarga ega raqibga qarshi o‘ynaganigda senga oson bo‘lmaydi. Portugaliya birinchi o‘yinda durang o‘ynadi va bugun ular, albatta, ko‘proq motivatsiyaga ega edilar".
Shuningdek, u ikkita gol urgan Krishtianu Ronaldu haqida ham gapirdi: "Krishtianu Ronalduga qarshi o‘ynaganingizda, unga bir santimetr ham hudud berib bo‘lmasligini bilasiz, chunki agar unga o‘sha bir santimetrni bersangiz, u ikkita gol uradi".
Italiyalik mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Ronaldu Yevropadan tashqarida o‘ynayotgani tanqid qilinishiga qaramay, futbol tarixidagi eng kuchli o‘yinchilardan biri bo‘lib qolmoqda: "Krishtianu singari Osiyoda o‘ynashni vaqtni behuda sarflash deb o‘ylaydigan ko‘plab odamlar bor. Lekin keyin sen Jahon chempionatiga kelib, 41 yoshingda ham gollarga tashna ekaningni ko‘rsatasan. Bu odam futbol o‘ynashni unutmagan".
Kannavaro, shuningdek, nima uchun O‘zbekiston terma jamoasi hatto Portugaliyaga qarshi o‘yinda ham to‘liq himoyaga qamalib olishini istamasligini ham tushuntirdi: "Agar biz Portugaliya bilan 100 marta o‘ynasak, 100 marta yutqazishimiz mumkin. Shuning uchun men futbolchilardan jasurroq bo‘lishni, futbol o‘ynashni, qo‘rqmaslikni so‘radim. Menimcha, faqat shu mentalitet bilan jamoa o‘sishi mumkin — ham jamoa sifatida, ham individual ravishda".
Murabbiy jamoaning shunchaki quyi blok bilan himoyalanishini emas, balki o‘ynashga harakat qilishini afzal ko‘rishini ta’kidladi: "Agar siz Portugaliya bilan o‘ynasangiz va quyi blokda qolsangiz, 99% hollarda yutqazasiz. Shuning uchun men aytaman: nega biz ko‘proq narsa qilishga harakat qilmaymiz? Men hech qachon jamoadan ortga chekinishib, yopilib olishni so‘ramaganman. Va hech qachon so‘ramayman ham".
"Matematika bizni uyga qaytarib yuborgunga qadar ishonishimiz kerak. Endi bu ikki o‘yinni unutishimiz kerak, chunki ular juda, juda qiyin bo‘lishini bilardim", — dedi Kannavaro.
Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines ham o‘yin haqida fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoaning turnirdagi birinchi o‘yini muhim sinov bo‘lgan va O‘zbekistonga qarshi o‘yinda portugaliyaliklar ancha yetuk o‘yin ko‘rsatgan: "Ba’zida turnirda o‘sish uchun birinchi o‘yinimizdagi kabi qiyin o‘yin juda muhim bo‘ladi. Bugun biz xuddi shunday ishtiyoq va fidoyilik bilan o‘ynagan, ammo birinchi o‘yin bo‘lmagani uchun ko‘proq xotirjamlik ko‘rsatgan jamoani ko‘rdik. Men natijadan juda mamnunman".
Uchrashuvda ikkita gol urgan Krishtianu Ronaldu u uchun eng muhimi shaxsiy statistikasi emas, balki jamoaning o‘yini ekanligini aytdi: "Men juda xursandman. Lekin men uchun eng muhimi — bu biz qilgan ish va ko‘rsatgan ishonch. Jamoa juda yaxshi o‘ynadi va sezilarli darajada yaxshilandi. Aytishganidek, har yomonning bir yaxshisi bo‘ladi. Shaxsan men uchun rekordlar doim yoqimli, lekin mening asosiy maqsadim — terma jamoaga o‘z maqsadlariga erishishda yordam berish".
O‘zbekiston terma jamoasi Portugaliyaga 5:0 hisobida yutqazdi. Krishtianu Ronaldu oltinchi daqiqada Joau Kancyeluning uzatmasidan so‘ng hisobni ochdi, keyin Nunu Mendesh 17-daqiqada jarima zarbasini aniq amalga oshirdi. Ronaldu 39-daqiqada Brunu Fernandeshning uzatmasidan so‘ng ikkinchi golini urdi. 60-daqiqada Abduvohid Ne’matov burchak zarbasidan so‘ng avtogolga mualliflik qildi va Rafael Leau 87-daqiqada yakuniy hisobni o‘rnatdi.
Ikki o‘yindan keyingi guruh jadvaliga ko‘ra, O‘zbekiston hisobida 0 ochko va 1−8 to‘plar nisbati bor. Portugaliyada 4 ochko, o‘zaro o‘ynashi kutilayotgan Kolumbiya va Kongo DR mos ravishda 3 va 1 ochko to‘plagan. O‘zbekiston "K" guruhida oxirgi o‘rinda qolmoqda.
Formal jihatdan, guruhdan chiqish imkoniyati hali ham mavjud, lekin faqat uchinchi o‘rin orqali. Buning uchun O‘zbekiston so‘nggi turda Kongo DRni mag‘lub etishi va boshqa guruhlardagi ijobiy natijalarga umid qilishi kerak, chunki 2026-yilgi Jahon chempionati pley-offida nafaqat har bir guruhdagi eng yaxshi ikki jamoa, balki uchinchi o‘rinni egallagan sakkizta jamoa ham ishtirok etadi. Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi mag‘lubiyatlardan keyin to‘plar nisbatini hisobga olsak, O‘zbekiston uchun nafaqat g‘alaba qozonish, balki iloji bo‘lsa, to‘plar nisbatini yaxshilash ham juda muhim bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Kongo DR ham ikkinchi tur o‘yinida Kolumbiyani mag‘lub etib qo‘ymasligi lozim.
O‘zbekiston terma jamoasi guruh bosqichidagi so‘nggi o‘yinini 28-iyun kuni soat 4:30 da Kongo DRga qarshi o‘tkazadi.
Source: www.gazeta.uz