Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari yoki omonatlariga oid axborotlarni soliq organiga taqdim etish tartibini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Muhokama 8-iyulgacha davom etadi.

Hujjat banklar va soliq organlari o‘rtasida ma’lumot almashish uchun “Bank-soliq” avtomatlashtirilgan modulini ishga tushirishni nazarda tutadi. U orqali banklar mijozlarning hisobvaraqlari, omonatlari va operatsiyalari haqidagi ma’lumotlarni markazlashgan tarzda uzatishi kerak bo‘ladi.

Loyihaga ko‘ra, banklar yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning hisobvaraqlari va omonatlari ochilishi yoki yopilishi, shuningdek, ularning rekvizitlari o‘zgarishi haqida tegishli voqea sodir bo‘lgan kundan boshlab uch kun ichida soliq organlariga xabar beradi.

Shuningdek, jismoniy shaxslarning bank kartalariga katta miqdordagi tushumlar (p2p o‘tkazmalar) haqidagi ma’lumotlarni ham taqdim etish taklif etilmoqda. Gap kalendar oyi davomida jismoniy shaxs kartasiga boshqa jismoniy shaxslar yoki elektron hamyonlardan bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga (206 mln so‘m) teng yoki undan ortiq miqdorda mablag‘ kelib tushgan holatlar haqida ketmoqda.

Yaqin qarindoshlardan kelgan o‘tkazmalar bundan mustasno hisoblanadi. Shuningdek, jismoniy shaxsning o‘z kartalaridan biriga ikkinchisidan amalga oshirgan o‘tkazmalari ham hisobga olinmaydi.

Banklar yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va jismoniy shaxslarning yirik operatsiyalari haqidagi ma’lumotlarni ham taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Yuridik shaxslar uchun bir operatsion kun davomida 1000 BHMdan (412 mln so‘m) ortiq operatsiyalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun esa 500 BHMdan (206 mln so‘m) ortiq operatsiyalar chegara sifatida belgilangan. Bundan tashqari, mijozlar tomonidan 500 BHMdan ortiq naqd pul olingan holatlar bo‘yicha ham ma’lumotlar taqdim etiladi.

Ushbu qoidadan istisnolar ham nazarda tutilgan. Xususan, davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalariga to‘lovlar, valyuta konvertatsiyasi bilan bog‘liq operatsiyalar, ayrim xorijiy valyuta operatsiyalari, shuningdek, budjet tashkilotlari hisobvaraqlaridan ish haqi to‘lash bundan mustasno hisoblanadi.

Loyiha asosnomasida Soliq qo‘mitasi P2P o‘tkazmalarni nazorat qilish bo‘yicha xorij tajribasini ham keltirgan. Qozog‘istonda banklar jismoniy shaxsning shaxsiy hisobvarag‘iga ketma-ket uch oy davomida 100 dan ortiq turli shaxsdan mablag‘ kelib tushsa, bu haqda soliq organlariga xabar berishga majbur. Belarusda esa banklar yil davomida kirim operatsiyalari summasi 150 ming Belarus rublidan yoki taxminan 54 ming dollardan oshgan jismoniy shaxslar hisobvaraqlari haqida ma’lumot taqdim etadi.

Hujjatda qayd etilishicha, Rossiyada banklar 115 FQ qonuniga muvofiq jismoniy shaxslarning P2P operatsiyalari haqidagi ma’lumotlarni Rosfinmonitoring (moliyaviy razvedka) va soliq organlariga yuboradi. Yevropa Ittifoqida esa banklar va fintex-kompaniyalar kabi to‘lov xizmatlari ko‘rsatuvchilar CESOP tizimi orqali ma’lumotlarni taqdim etadi, agar bir qabul qiluvchi chorak davomida 25 tadan ortiq transchegaraviy to‘lovni qabul qilgan bo‘lsa.

Loyiha, shuningdek, elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy yuridik shaxslarga jismoniy shaxslar tomonidan o‘tkazilgan mablag‘lar haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etishni ham nazarda tutadi, agar ushbu xizmatlarni realizatsiya qilish joyi deb O‘zbekiston e’tirof etilsa. Bunda ma’lumotlar to‘lovchining shaxsiy ma’lumotlarisiz taqdim etilishi kerak.

Soliq organlari mijozlar bo‘yicha ma’lumot taqdim etish haqida banklarga so‘rov yuborishi mumkin bo‘ladi. So‘rovda mijozning ismi yoki nomi, STIR yoki JSHSHIR, shuningdek, qaysi davr uchun ma’lumot so‘ralayotgani ko‘rsatilishi kerak. So‘rov soliq organi rahbari yoki uning o‘rinbosari tomonidan elektron shaklda imzolanishi lozim.

Bunday so‘rovni olgan bank uch kun ichida soliq organiga hisobvaraqlar va omonatlar bo‘yicha operatsiyalardan ko‘chirmalarni, shuningdek, soliq majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlarni taqdim etishi kerak bo‘ladi. Soliq majburiyatlari bo‘yicha da’vo muddatidan tashqari davrlarga oid so‘rovlar banklar tomonidan ijrosiz qoldirilishi mumkin.

Loyihada alohida qayd etilishicha, olingan ma’lumotlar soliq siri hisoblanadi va faqat Soliq kodeksida belgilangan tartibda soliqqa tortish masalalari bo‘yicha foydalanilishi mumkin. Ularni oshkor qilish, shaxsiy maqsadlarda yoki uchinchi shaxslar manfaati yo‘lida foydalanish taqiqlanadi. Olingan ma’lumotlarning xavfsizligi va saqlanishi uchun soliq organlari javobgar bo‘ladi.

May oyida Soliq qo‘mitasi raisi maslahatchisi Yigitali Narziyev marketpleyslar va internet-platformalar tovarlar aylanmasi va onlayn-tranzaksiyalar haqidagi shaxsi ko‘rsatilmagan ma’lumotlarni Soliq qo‘mitasiga taqdim etishini ma’lum qilgan edi.

Avvalroq Gazeta prezident farmoni doirasida 2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tmay faoliyat yuritayotgan xorijiy onlayn kompaniyalarga cheklovlar qo‘llash rejalashtirilayotgani haqida yozgandi. Ularga ro‘yxatdan o‘tish uchun 30 kun beriladi.

2020-yil aprel oyida Soliq qo‘mitasi taklif qilgan qaror loyihasida banklar jismoniy shaxslarning barcha kartalariga 30 million so‘mdan ortiq mablag‘ tushsa va p2p tranzaksiyalari soni 10 tadan oshsa, bu haqda soliq organlarini xabardor qilish tartibini joriy etish ko‘zda tutilgandi.

Aholi noroziligidan so‘ng loyiha qabul qilinmagan. O‘shanda Savdo-sanoat palatasi va Senat qo‘mitasi Soliq kodeksida banklar uchun jismoniy shaxslarning kartalaridagi pul muomalasi to‘g‘risida Soliq qo‘mitasini xabardor qilish haqida talab mavjud emasligini ma’lum qilgandi. SSP ham bank siri to‘g‘risidagi qonunga rioya qilish muhimligini ta’kidlagandi.

Uzcard qo‘mitani jismoniy shaxslarning kartalari haqida xabardor qilish taklifi naqd pul olishning yangi sxemalari paydo bo‘lishiga, naqd pul aylanmasining oshishiga va tadbirkorlik subyektlarining yashirin sektorga o‘tib ketishiga xizmat qilishini ta’kidlagan.

2023-yil 1-maydan boshlab to‘lov tashkilotlari jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari uchun elektron hisobvaraq-fakturalarni tayyorlashlari shart. Adliya vazirligi ushbu band prezident qarori loyihasi ekspertizadan o‘tkazilayotganda yo‘q bo‘lganini ma’lum qilgandi.

Markaziy bank jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari uchun elektron hisobvaraq-fakturalar tayyorlashga, ya’ni bu ma’lumotlarni soliq organlariga topshirishga qarshi chiqqandi. Mutaxassislarning qayd etishicha, mazkur qoida bank siri to‘g‘risidagi qonun va Konstitutsiyaga ziddir. Keyinchalik bu qoida prezidentning boshqa farmoni bilan bekor qilingandi.

2024-yil aprelida Gazeta Markaziy bank va Soliq qo‘mitasi p2p o‘tkazmalari miqdori ma’lum chegaradan oshib ketsa, ma’lumot almashishni boshlashi mumkinligidan xabar topgan edi. Fuqarolar kartadan kartaga pul o‘tkazganda 100 million so‘mlik, tadbirkorlar esa 500 million so‘mlik yillik limitdan oshib ketgan taqdirda, soliq organlari ma’lumot olmoqchi bo‘lgan.

Source: www.gazeta.uz