Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

26-iyun — Xalqaro giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash kuniga bag‘ishlab Toshkentda tadbir o‘tkazildi. Uning doirasida poytaxtdagi korxonalardan birining domna pechida 2 tonnadan ortiq giyohvandlik moddalari yoqib yuborildi.

Azimut Grand Hotel mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan marosimda xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) mintaqaviy vakolatxonasi va Yevropa Ittifoqining CADAP-8 dasturi rahbarlari qatnashdi.

Giyohvand moddalarni yoqib yuborish jarayoni Sergili tumanida joylashgan Galperin nomidagi Toshkent quvur zavodi maydonchasidan onlayn translyatsiya orqali namoyish etildi.

DXX xodimi Mahliyo Valiqulovaning jurnalistlarga bergan intervyusida aytishicha, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida noqonuniy muomaladan olingan jami 2 tonna 963 kg giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar yoqish yo‘li bilan yo‘q qilindi.

Yoqib yuborilgan giyohvand moddalar tarkibi: 1 tonna 348,79 kg marixuana, 646 kg gram gashish, 101,43 kg ko‘knori, 426,35 kg opiy, 78,37 kg geroin. Bundan tashqari, sintetik narkotiklardan 131 kg 370 gram alfa-PVP, 61 kg 954 gram mefedron, kuchli ta’sir qiluvchi moddalardan 69 kg 255 gram pregablik va boshqalar mavjud.

DXX vakilining so‘zlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-iyun oylarida huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda noqonuniy muomaladan umumiy 2 tonna 304 kg giyohvandlik vositalari olindi. Shundan, qariyb 30 kg geroin, 80 kg turli sintetik narkotiklar, 312 kg opiy, 1 tonna 567 kg gashish, 231 kg marixuana, 300 ming donadan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari va boshqalar tashkil etadi.

“So‘nggi vaqtlarda qo‘shni Afg‘onistondan giyohvandlik vositalarini kontrabanda qilish holatlari ko‘p kuzatilib, narkokurerlar zahri qotilni turli mahsulotlar, texnik buyumlar va boshqa avtotransport vositalari ichiga yashirin holda mamlakatimizga olib kirishga urinmoqda”, — deydi Mahliyo Valiqulova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, joriy yilning o‘tgan davrida internet narkoguruhlarga qarshi kurashish yo‘nalishida o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida Toshkent va Andijon viloyatlari hamda Toshkent shahrida 6 ta narkolaboratoriya fosh etildi va 36,5 kg sintetik giyohvandlik vositalari olindi.

“Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini ham turli xil mahsulotlar niqobi ostida xorijdan olib kelib, yashirin sexlarda qadoqlab va internet orqali sotish holatlari kuzatilmoqda. Mazkur yo‘nalishda o‘tkazilgan tadbirlar ortidan 6 ta yashirin sex fosh etildi. Ularning tashkilotchilariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi”, — deydi u.

“Hozirda davlat xavfsizlik xizmati tomonidan xorijiy hamkorlar bilan birgalikda bu turdagi noqonuniy faoliyatni chet eldan turib tashkillashtiruvchi shaxslarni aniqlash va ularni qo‘lga olish bo‘yicha tadbirlar davom ettirilyapti. 2025−2026-yillarda Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning vakolatli organlari bilan hamkorlikda 19 ta faol tadbir amalga oshirildi. Natijada 33 nafar shaxs qo‘lga olinib, ulardan 506 kg dan ortiq narkotik moddalar musodara qilindi”, — deya qo‘shimcha qildi Mahliyo Valiqulova.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yanvar oyi oxirida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda narkojinoyatchilik va uyushgan guruhlarga qarshi kurashish uchun mas’ul bo‘lganlarda narkokanallar va homiylarning asl manbasiga yetib borish uchun qat’iyat yetishmayotganini ta’kidlagan edi. O‘shanda O‘zbekistonda uch oy ichida 50 ga yaqin yirik narkoguruh a’zolari qo‘lga olingani va yarim tonna giyohvandlik vositalari musodara qilingani xabar berilgandi.

Source: www.gazeta.uz