Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, fiskal tahlillar instituti tomonidan tayyorlangan tahliliy ma’lumotda O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini (MHEKM) 2030-yilgacha bosqichma-bosqich mediana ish haqining 40 foizigacha oshirish taklif etilmoqda. Hozirgi MHEKM 1,271 mln so‘mni (taxminan 104 dollar) tashkil etadi, bu esa qator MDH mamlakatlaridan past.

MHEKM va mediana ish haqi o‘rtasidagi nisbat 24 foizni tashkil qiladi, xalqaro amaliyotda esa 40-60 foiz diapazoni qo‘llaniladi. Taklifga ko‘ra, joriy mediana ish haqi (5,3 mln so‘m) darajasida MHEKM 2,1 mln so‘mgacha oshirilishi kerak, bu hozirgi darajadan 1,7 barobar yuqori.

Hujjatda MHEKMning bir nechta tizimli cheklovlari qayd etilgan: u bir vaqtning o‘zida ijtimoiy kafolat va budjet sohasida ish haqini hisoblash bazasi vazifasini bajaradi. MHEKMning Yagona tarif setkasiga bog‘langanligi budjet xarajatlarining avtomatik oshishiga sabab bo‘lmoqda, chunki budjet sektorida mehnatga haq to‘lash xarajatlari umumiy budjet xarajatlarining 42-45 foizini tashkil etadi.

Mualliflar budjet sohasida ish haqi fondini hisoblashda MHEKMdan voz kechib, mustaqil bazaviy tarif miqdorini joriy etishni taklif qilmoqda. Bu ijtimoiy kafolatlar va budjet yuki o‘rtasidagi bog‘liqlikni bartaraf etadi. Shuningdek, MHEKMning hududiy tabaqalanishini joriy etish taklif qilinmoqda, chunki Toshkent va hududlar o‘rtasida o‘rtacha ish haqi farqi 1,5-2 baravarni tashkil etadi.

Tajriba tariqasida qurilish, chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida MHEKMni 30 foizgacha oshirish, shuningdek, minimal soatbay va kunbay stavkalarni joriy etish taklif etilmoqda. Bu to‘liq bo‘lmagan, vaqtinchalik va mavsumiy bandlik segmentlaridagi ishchilarni qamrab olishga xizmat qiladi.

Hujjatda norasmiy bandlik darajasi 38-40 foizni tashkil etishi, xodimlarning 15 foizi 1 mln so‘mdan kam, 21 foizi esa MHEKMga yaqin miqdorda haq olishi qayd etilgan. MHEKMga rioya qilishni oshirish uchun raqamli vositalarni rivojlantirish, mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishni soddalashtirish zarur.

Takliflar xalqaro tajriba va Xalqaro mehnat tashkilotining tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan. Germaniya, Qozog‘iston, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tajribasiga tayanilgan. Biroq mualliflar to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlashtirish mumkin emasligini, chunki institutsional sharoitlar farq qilishini ta’kidlaydi.

Moliyachi Otabek Bakirov avvalroq MHEKMni oshirish ish haqini oqartirishni osonlashtirishini, ammo ko‘plab ish beruvchilar hali ham minimal miqdorda ish haqi yozib, qolganini naqd to‘lashini ta’kidlagan edi. Markaziy bank esa O‘zbekistonda real ish haqi o‘sishi mintaqaga nisbatan past, ammo yillik MHEKMning aholi jon boshiga YAIMga nisbati yuqori ekanligini qayd etgan.

Source: www.gazeta.uz