Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston hukumati “Quyoshli uy” dasturi doirasida jismoniy shaxslar oldidagi subsidiya qarzlarini to‘lashni boshladi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel-may oylari uchun dasturda ishtirok etayotgan 60 193 nafar jismoniy shaxsga davlat byudjetidan tarmoqqa uzatilgan quyosh energiyasi uchun 156 mlrd 125 mln so‘m subsidiya to‘lanadi (156 125 388 kVt·soat, 1 kVt·soat uchun 1000 so‘m hisobida).

Eng katta subsidiya summalari Xorazm (29,1 mlrd so‘m) va Buxoro (27,1 mlrd) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonga (19,1 mlrd) to‘g‘ri keladi. Kun.uz obunachilaridan biri aprel-may oylari uchun hisobiga 9 mln 386 ming so‘m tushganini, boshqa bir o‘quvchi esa ikki oy uchun 9,5 mln so‘m olganini xabar qildi.

Avvalroq Kun.uz to‘lovlardagi kechikishlar haqida materiallar e’lon qilgan va iqtisodchi Otabek Bakirov bilan muammoni muhokama qilgan edi. U jismoniy shaxslarga subsidiyalar to‘lanayotganini, ammo quyosh energiyasini sotayotgan tadbirkorlar oldidagi qarz qariyb olti oydir to‘lanmayotganiga e’tibor qaratdi.

Bakirov avval subsidiyalarni sababsiz to‘xtatishni “ishonchga putur yetkazish” deb atagan va hukumatni investorlar oldidagi majburiyatlarni bajarishga chaqirgan. Energetika vazirligi ham, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ham kechikish sabablari haqida rasmiy izoh bermagan. Soliq qo‘mitasining 2-iyuldagi bayonotida ham sabablar ko‘rsatilmagan.

Taqqoslash uchun, joriy yilning yanvar-mart oylarida 45,2 ming jismoniy shaxsga 73,9 mlrd so‘mdan ortiq subsidiya to‘langan edi. Subsidiya oluvchilar soni mart oyiga nisbatan 15 ming kishiga (33%) oshgan.

Source: kun.uz