Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tashkilotlarda 2026-yilning besh oyi davomida 514,9 milliard so‘mlik 979 ta moliyaviy qonunbuzarlik holatlari aniqlandi va bartaraf etildi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov soha xodimlari va aholiga yo‘llagan murojaatida ma’lum qildi.

Qonunbuzarliklarni korrupsiya xavf-xatarlaridan ogohlantirish hamda budjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishining oldini olish uchun ishga tushirilgan avtomatizitsiyalashtirilgan axborot tizimi — Masofaviyaudit.uz yordamida aniqlashga muvaffaq bo‘lindi.

SSV rahbari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Ochiqlik indeksida vazirlik 87,2 ball to‘plab, 97 ta tashkilot orasida birdaniga 60 pog‘onaga ko‘tarilganini va ilk bor “sariq” toifadan “yashil” toifaga o‘tganini qayd etdi.

“Tug‘uruq muassasalarida homiladorlar va ularning yaqinlaridan „suyunchi“ puli yoki kesarcha kesish amaliyoti uchun noqonuniy haq talab qilish holatlarining oldini olish maqsadida barcha tibbiyot tashkilotlari, jumladan, tug‘uruq komplekslarida „Sirli mijoz“ tadbirlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi”, — deyiladi vazir murojaatida.

Eldor Adilovning so‘zlariga ko‘ra, vazirlikda boshlangan kadrlarni yangilash siyosati doirasida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, shuningdek, barcha davolash-profilaktika muassasalarini qamrab olish rejalashtirilgan. Bunda aholidan kelib tushayotgan murojaat va shikoyatlar asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi, deya qo‘shimcha qildi u.

1-iyuldan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligida “Raqamli komplayens” dasturi test rejimida ishga tushirildi. Shuningdek, korrupsiya xavf-xatarlarini erta aniqlash va ularning oldini olish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish ham ko‘zda tutilgan.

Vazir korrupsiya holatlari, manfaatlar to‘qnashuvi, byurokratiya va noqonuniy to‘lovlar talab qilinishi bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligining 1203 qisqa raqamiga yoki Bu e-Posta adresi istenmeyen posta engelleyicileri tarafından korunuyor. Görüntülemek için JavaScript etkinleştirilmelidir. elektron pochta manziliga xabar berishga chaqirdi.

Sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov ham 2025-yilning iyul oyida soha xodimlari va fuqarolarga murojaat qilib, korrupsiyaga qarshi kurashda barcha tomonlarning ishtiroki zarurligini ta’kidlagandi. SSV 2020 va 2023 yillarda sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaga qarshi kurash yilini e’lon qilgan.

BMT Taraqqiyot dasturi va boshqa tashkilotlarning 2024-yilda o‘tkazgan tadqiqoti shuni ko‘rsatgandiki, O‘zbekiston aholisining aksariyat qismi sog‘liqni saqlash (56,4%), ta’lim (ayniqsa, oliy ta’lim — 39%) sohalarini hamda hokimliklarni (25,6%) eng ko‘p korrupsiyalashgan tarmoqlar deb hisoblaydi.

Source: www.gazeta.uz