Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar o‘tkazdilar.

Davlat rahbari ta’kidlaganidek, ushbu davlat tashrifi yigirma yildan ortiq vaqtdan keyin birinchi bo‘lib, O‘zbekiston-Gruziya munosabatlarini yangi sifat bosqichiga ko‘tarishda alohida ahamiyatga ega.

Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, transport-tranzit, turistik va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘tgan yili ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 270 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil boshidan 100 million dollardan oshdi. Tomonlar yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi” qabul qilishga kelishdilar.

Transport-tranzit hamkorlikni mustahkamlash, Poti va Batumi portlari infratuzilmasidan faol foydalanish, logistika hubi yaratish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Prezident Boku – Tbilisi – Kars temir yo‘l koridorining ishga tushirilishini olqishlab, uni Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘l magistrali bilan bog‘lash masalasini ishlab chiqishni taklif qildi.

Sanoat kooperatsiyasi alohida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. 2027 yilgacha bo‘lgan Kooperatsiya dasturi imzolandi.

Qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, energetika, farmatsevtika, oziq-ovqat va yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, raqamlashtirish, IT-sektor va turizmda yangi loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Investitsiya fondi tashkil etish taklif qilindi.

Madaniy-gumanitar aloqalar faol kengaymoqda. Mart oyida Toshkentda Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tdi. Prezident Mirziyoyev Gruziya tomoniga Tbilisi bog‘laridan biriga Alisher Navoiy nomini berish qarori uchun minnatdorchilik bildirdi.

Yil davomida O‘zbekistonda qo‘shma ta’lim va turizm forumlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, O‘zbekistonning Gruziyadagi elchixonasini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Muzokaralar yakunida qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi” tayyorlanadi.

Source: kun.uz