Qashqadaryo viloyatida o‘nlab fuqarolar avtokredit to‘lashda yordam berishni va’da qilgan firibgarlarning qurboniga aylandi. Ular qarzdorlarga avtomobil uchun to‘langan pullarni qaytarish, qolgan to‘lovlarni o‘z zimmasiga olish va kredit tugagach, mashinani yangi egasiga qayta rasmiylashtirishni va’da qilgan.
Firibgarlik sxemasi avtokredit to‘lashda qiyinchilik chekayotganlarga mo‘ljallangan edi. Ishonch hosil qilish uchun avtomobil topshirish jarayoni videoga olingan, kichik miqdordagi pul berilgan, ammo darhol qaytarib olingan. To‘liq hisob-kitob notariusda amalga oshirilishi aytilgan. Keyin mashina olib ketilgan va va’dalar bajarilmagan.
Jabrlanganlardan biri Nurbek Shodmonov 2024-yilda Gentra uchun 191,6 million so‘m kredit olgan, 54 million so‘m boshlang‘ich to‘lov qilgan va oyiga 4 million so‘m to‘lagan. Firibgarlar unga kreditni to‘lashda yordam berishni va mashinani taksi sifatida ishlatishni taklif qilgan. Bir yil o‘tib, bankka bir tiyin ham o‘tkazilmagan.
Yana bir jabrlanuvchi Charos Oripova firibgarlar videoda 800 dollar berganini, ammo suratga olishdan keyin darhol qaytarib olganini aytdi. Hisob-kitob notariusda bo‘lishi aytilgan. Mashina olib ketilgan va ular g‘oyib bo‘lgan.
Jabrlanganlarning ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rt nafar gumonlanuvchiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ulardan biri Muzaffar Shodmonov “Firibgarlik” moddasi bo‘yicha 6 yilga qamalgan. Sud, shuningdek, undan va boshqa gumonlanuvchilardan 13 jabrlanuvchi foydasiga zararni undirishni buyurgan.
Source: kun.uz