Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov 28-iyun kuni navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi. IIV huzuridagi “JAR” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida soat 10:00 dan 16:00 gacha davom etgan qabulda jami 432 ta murojaat ro‘yxatga olingan. Ularning 255 tasi (59 foizi) qabul jarayonida hal etilgan, qolgan 177 tasi qo‘shimcha o‘rganish uchun nazoratga olingan.
Qabulda fuqarolar turli muammolar bilan kelgan. Namanganlik Nurbek Azizov firibgarlik ishi bo‘yicha jabrlanuvchi ekanligini, Milliy gvardiya xodimi soxta hujjatlar asosida uning uyini egallab olganini aytdi. U tergovchilarning xolis ishlamayotganidan shikoyat qildi. “Bungacha vazir o‘rinbosari qabulida ikki marta bo‘ldim, natija bo‘lmadi”, dedi u.
Samarqandlik Sherali Sharipov akasi bilan birga “Muruvvat” erkaklar uyida ishlagan, ovqat kamaytirilganiga e’tiroz bildirgani uchun ishdan bo‘shatilganini aytdi. “Prezidentimizga korrupsiyaga qarshi kurashishda yordam bermoqchi edik, ammo to‘rt yil davomida hech qanday natija bo‘lmadi”, dedi u.
Toshkentlik Dilfuza Nabiyeva uy-joy masalasida yordam so‘rab kelgan. “Prezident virtual qabulxonasiga murojaat qildim, hokimlikka yuboriladi, ammo aniq yechim yo‘q”, dedi u. Jizzaxlik Dildora Rajabova profilaktika inspektori o‘g‘liga tuhmat qilgani, ammo unga chora ko‘rilmaganini aytdi.
Toshkentlik Gulsora Ro‘yobova uy-joy mojarosi haqida gapirdi. Akasi vafotidan keyin uy yangasiga meros bo‘lib, u kuyoviga rasmiylashtirib yuborgan. “Hozir boshpanasiz qoldik, ikki kelinim, ikki o‘g‘lim va to‘rt nevaram bilan ijara uyda yashayapmiz”, dedi u.
IIV axborot xizmati xabariga ko‘ra, qabulda surishtiruv va tergov ishlari, moliyaviy munosabatlar, ijtimoiy himoya, avvalgi ish joyiga qayta tiklanish kabi masalalar ko‘rib chiqilgan.
Source: www.gazeta.uz