O‘zbekistonning aksariyat viloyatlarida jazirama issiq tufayli bog‘chalar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Shu bilan birga, gender siyosatini ilgari surishni da’vo qilayotgan davlat organlari va tuzilmalarining birortasi ham — xoh O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi, xoh Senat huzuridagi Gender komissiyasi, xoh siyosiy partiyalarning ayollar qanoti bo‘lsin — ushbu davrda ishlayotgan ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashabbus bilan chiqmadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ayollar haq to‘lanmaydigan uy mehnatiga erkaklarga qaraganda qariyb 2,5 baravar ko‘p vaqt sarflaydi (2,18 soatga nisbatan 5,36 soat). Bunga uy ishlariga ham, bolalar parvarishiga ham ajratilgan vaqt kiradi.
Xalqaro mehnat tashkiloti ayollar haq to‘lanmaydigan parvarish ishlari umumiy hajmining 76,2 foizini bajarishini ta’kidlaydi. BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan 2025-yilda O‘zbekistonda norasmiy bandlik bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotda ham oilaviy majburiyatlar, ayniqsa, bolalar va keksalarni parvarish qilish ayollarning to‘liq stavkada ishlash imkoniyatlarini tez-tez cheklab qo‘yishi qayd etilgan.
Jahon banki ekspertlari bola parvarishi bo‘yicha majburiyatlar ayollarning mamlakat ishchi kuchidagi ishtiroki pastligining asosiy sabablaridan biri ekaniga e’tibor qaratgan.
Shu sababli bog‘chalar faoliyatining hatto vaqtinchalik to‘xtatilishini ham faqatgina sanitariya yoki iqlimga oid chora sifatida baholash mumkin emas. Bu qaror alohida baholashni va qo‘llab-quvvatlash choralarini talab qiladigan gender oqibatlariga ega ekanini hisobga olish lozim.
Bir qarashda, bolalar bog‘chalarining bir necha kunga yopilishi ayollarning imkoniyatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydigandek tuyilishi mumkin. Biroq AQSh Milliy iqtisodiy tadqiqotlar byurosining (NBER) yaqinda o‘tkazilgan izlanishi bu taxminni inkor etadi.
Mualliflar bola parvarishiga bo‘lgan to‘satdan yuzaga kelgan ehtiyoj gender jihatdan neytral taqsimlanmasligini isbotladi. O‘rmon yong‘inlari sababli maktab va bolalar muassasalarining vaqtinchalik yopilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalangan holda, tadqiqotchilar bolalar parvarishi tizimidagi hatto qisqa muddatli va oldindan aytib bo‘lmaydigan uzilishlar ham qo‘shimcha majburiyatlar yukini paydo qilishi va bu yuk asosan onalar zimmasiga tushishini aniqladi.
Mualliflarning ko‘rsatishicha, bu kabi “parvarish shoklari”ning ta’siri aynan onalar bandligida kuchliroq aks etadi. Erkaklar bandligi ko‘rsatkichlari deyarli o‘zgarishsiz qolgan bir paytda, ayollar ko‘pincha ish vaqtini qisqartirishga, ta’til olishga yoki umuman ishga chiqmaslikka majbur bo‘ladi. Garchi tadqiqot AQSh ma’lumotlariga asoslangan bo‘lsa-da, uning xulosalari umumiy qonuniyatni ko‘rsatib beradi: bolalarni tashkiliy parvarish qilish tizimi to‘satdan to‘xtab qolganda, aynan ayollar aksariyat hollarda qo‘shimcha parvarish majburiyatlarini o‘z zimmalariga olishga majbur bo‘ladi va bu ularning mehnat faoliyatini davom ettirish imkoniyatlarini cheklab qo‘yadi.
Jazirama issiq paytida bog‘chalarning yopilishi bolalar salomatligini himoya qilish uchun zarur chora hisoblanadi. Biroq tegishli qo‘llab-quvvatlash choralarisiz, bu qaror parvarish majburiyatlarining qayta taqsimlanishiga olib keladi va kichik yoshli bolalari bor oilalardagi iqlim xavf-xatarlarini amalda ayollarning yelkasiga yuklaydi. Boshqacha aytganda, ta’lim sohasidagi iqlimga moslashish jarayoni oilalar uchun ijtimoiy moslashish choralari bilan ta’minlanmas ekan, u haq to‘lanmaydigan parvarish mehnatini taqsimlashda mavjud bo‘lgan gender tengsizligini yanada kuchaytiradi.
O‘zbekistonda haq to‘lanmaydigan parvarish mehnatining asosiy qismi aynan ayollar zimmasiga tushishi sababli bunday qarorlar ishlayotgan onalarga nomutanosib ravishda salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ularni majburiy ta’tilga chiqish, ish vaqtini qisqartirish va haq to‘lanadigan bandlik tizimidan chiqib ketish xavfini oshiradi.
Bolalar parvarishi tizimidagi hatto qisqa muddatli uzilishlar ham ayollarning mehnat bozoridagi ishtirokiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi, shuning uchun ular genderni hisobga olishga asoslangan qo‘llab-quvvatlash choralari bilan birgalikda amalga oshirilishi lozim.
Bunday vaziyatlarda bola parvarishi uchun maxsus haq to‘lanadigan ta’til. Favqulodda ob-havo sharoitlari yoki boshqa holatlar tufayli bog‘chalar majburiy yopilgan davrda ota-onalardan biriga (yoki qonuniy vakiliga) haq to‘lanadigan ta’til berilishini qonunchilikda nazarda tutish zarur.
Jazirama issiq davrida moslashuvchan ish rejimi. Davlat organlari bu borada flagman bo‘lishlari va anomal issiq paytida masofaviy ish shakliga, moslashuvchan grafikka o‘tishlari yoki ish smenalarini ko‘chirishlari mumkin edi.
Bog‘chalar faoliyatini klimatik sharoitlarga moslashtirish. Bog‘chalarda qisqartirilgan ish kunini joriy etish yoki ularni faqat eng issiq soatlarda yopish mumkin (bu chora moslashuvchan ish grafigi bilan uyg‘unlashganda, onalar zimmasidagi yukni ancha kamaytiradi). Agar buning iloji bo‘lmasa, hech bo‘lmaganda bir nechta bog‘chalarda tibbiyot xodimlari, favqulodda xizmatlar xodimlari va masofadan turib ishlay olmaydigan boshqa ota-onalarning farzandlari uchun navbatchi guruhlarni tashkil etish zarur.
Genderni hisobga oluvchi siyosiy qarorlar. Davlat organlari zimmasiga qabul qilinayotgan qarorlarning gender ta’sirini baholash (gender impact assessment) majburiyatini yuklash lozim. Bog‘chalarni yopishdan oldin bu chora qancha ota-onaga ta’sir qilishini, bandlikning qaysi sohalaridagi ota-onalar ko‘proq zarar ko‘rishini va qanday qo‘llab-quvvatlash choralari zarurligini baholash talab etiladi.
Bolalar bog‘chalarining iqlimiy moslashuviga investitsiyalar kiritish. Bu konditsioner va havoni sovitish tizimlarini, quyoshdan himoya qiluvchi qoplamalarni o‘rnatish, maxsus ichimlik suvi rejimini tashkil etish, o‘yin maydonchalarini soya qilish, ventilyatsiya tizimini modernizatsiya qilish hamda sovitish tizimlari uchun zaxira elektr ta’minotini yaratishni o‘z ichiga olishi mumkin. Agar hududdagi hech bo‘lmaganda bir nechta bog‘chada shunday sharoitlar yaratilsa, ular yuqorida tilga olingan navbatchi guruhlarni tashkil etish uchun tayanch nuqtasiga aylanishi mumkin.
Oqibatlarni monitoring qilish. Davlat hozirning o‘zidayoq kelgusidagi aralashuvlar va genderga asoslangan siyosatni shakllantirish uchun materiallar to‘plashi mumkin. Xususan, barcha vaqtincha yopilgan bog‘chalar bo‘yicha qancha ota-ona ishga chiqa olmagani va buni qanday rasmiylashtirgani (kasallik varaqasi, ish haqi saqlanmaydigan ta’til, yillik haq to‘lanadigan ta’til hisobidan) haqida ma’lumot yig‘ish mumkin. Bu ma’lumotlar gender jihatdan dezagregatsiyalangan shaklda (ya’ni erkaklar va ayollar uchun alohida) to‘planishi lozim. Bundan tashqari, bog‘chalarning yopilishi ota-onalarning ushbu haftadagi rejalariga qanday ta’sir qilganini aniqlash zarur. Mamlakatda norasmiy bandlik darajasi yuqori ekanini hisobga olsak, bu chora rasmiy mehnat bozori monitoringi orqali qamrab olib bo‘lmaydigan oqibatlarni ham yuzaga chiqarish imkonini beradi.
Jahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Osiyo qit’asi dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan tezroq qizimoqda, anomal issiqlik esa so‘nggi yillarning asosiy klimatik xususiyatlaridan biriga aylandi. 2025-yilda uzoq davom etgan issiqlik to‘lqinlari, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlarini ham qamrab oldi.
Bu shuni anglatadiki, jazirama paytida bog‘chalarning vaqtinchalik yopilishi katta ehtimol bilan tobora tez-tez sodir bo‘ladi. Shu bois bu jarayon ota-onalarni, eng avvalo, bugungi kunda haq to‘lanmaydigan parvarish mehnatining asosiy yukini o‘z yelkasida ko‘tarayotgan ayollarni oldindan nazarda tutilgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari bilan ta’minlashni talab etadi. Klimatik xavf-xatarlar faqat ayollarning muammosiga aylanib qolmasligi kerak, shu sababli bolalarni himoya qilish va ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash choralari yonma-yon olib borilishi lozim.
Source: www.gazeta.uz