Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Jahon bankining Markaziy Osiyo uchun Suv-energetika dasturi (CAWEP) doirasida “Energiya” muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi (MDM) nodavlat notijorat tashkilotiga 3,2 million dollar grant ajratildi. Bu haqda Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi. Mablag‘ mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratish bo‘yicha dastlabki qadamlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Grant shartnomasi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benhassin hamda “Energiya” MDM bosh direktori Hamidulla Shamsiyev tomonidan imzolandi. Marosimda Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, shuningdek Buyuk Britaniya va Shveysariyaning Toshkentdagi elchixonalari vakillari ishtirok etdi.

Grant “Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va energiya tizimlarini integratsiya qilish” (REMIT) dasturi maqsadlariga xizmat qiladi. U “Energiya” MDM rahbarligida pilot mintaqaviy elektr energiyasi bozorini ishlab chiqish va ishga tushirish, mintaqaviy bozor operatori funksiyasini yo‘lga qo‘yish hamda davlatlararo muvofiqlashtirish mexanizmlarini mustahkamlashni nazarda tutadi.

2026-yil yanvar oyida Jahon banki REMIT dasturini tasdiqlab, uni amalga oshirish uchun 1 milliard dollardan ortiq moliyalashtirishni ma’qullagan edi. 2035-yilgacha mo‘ljallangan ushbu dastur Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida energetik o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, transchegaraviy savdo hajmini oshirish, elektr uzatish tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tizimga integratsiya qilishga qaratilgan.

REMIT dasturi uch bosqichda amalga oshirilib, birinchi bosqich doirasida Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining “Energiya” muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markaziga dastur doirasida tegishli chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 143,2 million dollarlik grantlar va imtiyozli kredirlar ajratiladi. Ushbu mablag‘larning 140 million dollari Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) resurslaridan va 3,2 million dollari Markaziy Osiyo suv va energetika dasturi grantlari ko‘rinishida ajratiladi.

CAWEP dasturi Jahon banki, Yevropa Ittifoqi, Shveysariya va Buyuk Britaniya hamkorligida amalga oshirilib, iqlim o‘zgarishi sharoitida mintaqa mamlakatlarining suv-energetika xavfsizligini mustahkamlashni maqsad qiladi.

Source: www.gazeta.uz