Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Habib Abdullayev mahallasida yashovchi pensioner Lyudmila Juravlyova bilan bog‘liq vaziyatni o‘z nazoratiga oldi. Agentlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 27-iyul kuni qulf ochish bilan shug‘ullanuvchi yigit Instagram’da keksa ayol bilan bog‘liq vaziyat aks etgan bir nechta video joylashtirgan.

Videoda yigit 86 yoshli pensioner uyda oziq-ovqatsiz qolganini aytgan. U eshikni otvertka bilan ochishga harakat qilgan, so‘ng ayolga oziq-ovqat keltirib bergan. Ayol befarq bo‘lmagan insonga minnatdorchilik bildirib, “qo‘rqayotgani” sababli yigitga xonalardan birida yashashni taklif qilgan. Kadrga, shuningdek, pensionerning muzlatkichi bo‘sh ekanini aytgan qo‘shni ayol ham tushgan.

Qo‘shni ayolning so‘zlariga ko‘ra, pensioner har kuni derazadan yordam so‘rab baqirar ekan. “Biz “opeka”ga yuz marta murojaat qildik, ular esa ovqatlantiryapmiz, deyishadi”, — degan u. Videodagi pensioner ayol qariyalar uyiga bormasligini aytgan va ilgari maktab direktori bo‘lib ishlagani hamda ingliz tilidan dars berganini so‘zlab bergan. Qo‘shni ayol pensioner haqiqatan ham 27-maktab direktori bo‘lganini tasdiqlagan.

Bloger, shuningdek, oshxonadagi rakovina tepasidagi kranni burab ko‘rgan, ammo undan suv tushmagan. “Iltimos, o‘chirib qo‘yishmasin. Suvsiz o‘lib qolaman. O‘chirishmasin. Kim o‘chirdi?” — so‘ragan keksa ayol videoda.

Bloger ijtimoiy xodim bilan telefon orqali bog‘langan. “Kelganimda men ham suv ochib beraman. Eshik yopiq bo‘lsa, uni ochaman, suv to‘ldirib, gazga qo‘yaman. Gazni ham tasodifan yoqib qo‘ymasligi uchun nazorat qilaman”, — deya javob bergan u. Shuningdek, u “Men kechqurun kelaman, yordam beraman… Siz davlat qaramog‘ida bo‘lgan insonning eshigini buzib ochdingiz. Muzlatkichda oziq-ovqat bor. Yaqinda yana mahsulotlar olib kelgandim”, — degan.

Qo‘shnilar blogerga pensioner ayol 3 mln so‘mga yaqin pensiya olishi, ammo pullik karta ijtimoiy xodimda ekanini aytib, keksa ayolning xonadoni “boshqalarga rasmiylashtirib berilgan” bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi o‘sha kunning o‘zida yuz bergan holat yuzasidan surishtiruv boshlangani, shuningdek, “keksa ayolning ijtimoiy ahvoli, ehtiyojlarini baholash va unga zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilayotgani”ni ma’lum qilgan.

Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi 28-iyul kuni vaziyat mutasaddi tashkilotlar tomonidan joyiga chiqib o‘rganilib chiqilganini bildirgan. Xabarda aytilishicha, ayol “yolg‘iz keksalar reyestriga kiritilgan bo‘lib, doimiy ravishda pensiya va qonunchilikda nazarda tutilgan moddiy yordam oladi, shuningdek, „Faol hayotga qadam“ dasturi doirasida uyda muntazam ravishda ijtimoiy-maishiy xizmatlar bilan ta’minlab kelinadi”.

“Videomurojaatda keltirilgan ayrim holatlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Xususan, xonadonda ichimlik suvi mavjudligi, tabiiy gaz tarmog‘i mavjud ekani, gaz jo‘mragi esa fuqaroning xavfsizligini ta’minlash maqsadida ijtimoiy xizmat xodimi tomonidan vaqtincha yechib qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, videoda fuqaro ikki haftadan buyon hech kim kelmagani haqida bildirgan fikrlar ham o‘rganilib, tasdiqlangan reja asosida ijtimoiy xizmat xodimi tomonidan muntazam ravishda xizmat ko‘rsatib kelinayotgani tasdiqlandi”, — deya qayd etgan hokimlik.

Alohida ta’kidlanishicha, tuman hokimligi bloger bilan suhbat o‘tkazib, ayol nima uchun qulflab qo‘yilganiga izoh bergan. “Fuqaroning yoshi bilan bog‘liq ravishda xotirasi susaygani sababli u xonadonga tashrif buyuruvchilarni har doim ham taniy olmasligi aniqlandi. Shu bois, xonadon kalitining bir nusxasi fuqaroning o‘zida, ikkinchi nusxasi esa unga xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodimda saqlanadi. Fuqaroga tegishli bank plastik kartasi va undagi mablag‘lardan foydalanish qonunchilikda belgilangan tartibda elektron platforma orqali nazorat qilinib, ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar monitoringi olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.

31-iyul kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati pensioner ayol bilan bog‘liq holat sababli xodimlar ishdan olinganini ma’lum qilgan. “Tuman „Inson“ markazi va tuman tibbiyot birlashmasi xodimlaridan iborat monitoring guruhi fuqaroning ahvoli yomonlashganini o‘z vaqtida aniqlamagan va uning doimiy parvarishga bo‘lgan ehtiyojini belgilamagan. Shu munosabat bilan mas’ul mansabdor shaxslar egallab turgan lavozimidan ozod etildi”, — deyiladi agentlik tomonidan vaziyat o‘rganilib chiqilgach berilgan axborotda.

Idoraning bildirishicha, 11-iyundan boshlab fuqaroga uyda ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish uchun vaucher rasmiylashtirilgan bo‘lgan. Xizmatlar haftasiga to‘rt marta ko‘rsatib kelingan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, tuman tibbiyot birlashmasining xulosasiga asosan, fuqaro kognitiv buzilishlar va tomir demensiyasidan aziyat chekishi hamda shifokorlarning doimiy nazoratida bo‘lgani aniqlangan.

“Salomatlik holatini kompleks baholash uchun qo‘shimcha tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Uning yakunlari bo‘yicha L. Juravlyovada II-III darajali dissirkulyator ensefalopatiya, kognitiv buzilishlar va tomir demensiyasi, shuningdek, tarqalgan osteoxondroz tashxislari tasdiqlandi”, — deyiladi xabarda. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, fuqaroning xotirasi, fikrlashi va atrof-muhitda mo‘ljal olish qobiliyati yomonlashgan.

“U mustaqil ravishda ovqatlana olmaydi va kundalik ehtiyojlarini qondira olmaydi. Kuzatuvlar shuni ko‘rsatdiki, agar u yolg‘iz qolsa, o‘ziga va atrofdagilarga zarar yetkazish xavfi yuqori (gaz jihozlaridan noto‘g‘ri foydalanish, eshikni ochiq qoldirish va boshqa holatlar). Fuqaro doimiy parvarishga muhtojligini inobatga olib, „Inson“ ijtimoiy xizmatlar markazi uni Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markaziga joylashtirdi”, — deb xabar bergan idora. Unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan va tunu kunlik parvarish ta’minlangan. Ahvoli barqaror deb baholanmoqda.

30-iyul kuni pensioner ayolning xonadoni boshqa shaxs nomiga qayta rasmiylashtirilgani tasdiqlandi. Bosh prokuratura 2025-yil 25-sentabrda notarial tartibda rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomasi mavjudligini ma’lum qildi. “Fuqaroning uy-joyni boshqa shaxsga o‘tkazish paytida o‘z harakatlari ahamiyatini anglash va ularni boshqarish qobiliyati bilan bog‘liq holatlarni, shuningdek, u firibgarlik qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarni” tekshirish zaruratini inobatga olib, juda ko‘p miqdorda sodir etilgan ehtimoliy firibgarlik holati bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Source: www.gazeta.uz