Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Gazeta nashrining “Sening yoshliging menda bo‘lsaydi…” loyihasi doirasida mikrobiolog olima Dilfuza Egamberdiyeva bilan suhbat o‘tkazildi. U o‘z hayoti, ilm yo‘lidagi mashaqqatlar, chet eldagi faoliyati va yoshlarga bergan maslahatlari bilan o‘rtoqlashdi.

Dilfuza Egamberdiyeva 1971-yilda Toshkentda tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining biologiya fakultetini tamomlab, Berlindagi Gumboldt universitetida qishloq xo‘jaligi va bog‘dorchilik yo‘nalishida fan doktori ilmiy darajasini olgan. U Helsinki, Manchester, Leyden, Florensiya universitetlarida hamda Germaniyaning Qishloq xo‘jaligi markazida tadqiqot olib borgan. 2023-yilda o‘simlik va mikrobiomlarning o‘zaro ta’siri, o‘simliklarning stressga chidamliligi, tuproq biologiyasi va mikroblar xilma-xilligi bo‘yicha qilgan ishlari uchun UNESCO-Carlos Finley mukofoti bilan taqdirlangan.

O‘sha yili olima xorijdagi 30 yillik faoliyatidan so‘ng O‘zbekistonga qaytib, O‘zMU qoshidagi oziq-ovqat sifati va xavfsizligi laboratoriyasi mudiri, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi xalqaro ilmiy markaz direktori o‘rinbosari lavozimlarida ishlamoqda.

Suhbatda olima sovet davridagi yoshlik yillarini eslab, o‘sha paytdagi hayot tarzi, talabalik davridagi qiyinchiliklar, mustaqillikning dastlabki yillari haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha davrda yoshlar beg‘ubor bo‘lib, dunyoqarashlari tor edi. “Biz kunimiz bilan yashardik, kelajakni tasavvur qila olmasdik”, deydi u.

Dilfuza Egamberdiyeva Germaniyaga aspiranturaga ketish jarayonini ham hikoya qildi. Uning aytishicha, o‘sha paytda chet elga ketish juda qiyin edi, ko‘pchilik bunga ishonmasdi. “Bir kuni xat keldi, Germaniya elchixonasiga chaqirishdi. Borsam, aspiranturaga qabul qilinganim haqida xat bor ekan. Uyga kelib, ota-onamga aytganimda, hech kim ishonmadi”, — deb eslaydi u.

Olima Germaniyada uni bir nemis ayol qizidek qabul qilib, hayotni o‘rgatganini, keyinchalik o‘sha ayol unga O‘zbekistonga qaytishni maslahat bermaganini, chunki mustaqillikning dastlabki yillarida ziyolilarga bosim bo‘lishi mumkinligini aytganini gapirdi. “U menga Turkistondan kelgan qiz Xayriniso Majidxonova haqida gapirgan, u ilm uchun ketib, qaytganida qatl etilgan edi”, — deydi u.

Dilfuza Egamberdiyeva hozirgi yoshlarga nisbatan tanqidiy fikrda: “Yoshlar ko‘p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazmoqda. Biz paxta dalalarida ishlab, keyin sham yorug‘ida kitob o‘qirdik. Ilm olish tashqi sharoitga emas, ichki intilishga bog‘liq”. U yoshlarni berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga chaqiradi.

Olima ilm-fanning kelajagi haqida optimistik fikrda: “O‘zbekistonda ilmning ildizi bor, bizning ota-bobolarimizda ilm geni mavjud. Agar shu genlarni uyg‘otsak, Nobel mukofoti sohiblari chiqishi mumkin”. Uning fikricha, ilm ilohiy narsa va insonni o‘zi tanlaydi.

Suhbat yakunida olima o‘zining asosiy qadriyatlari — samimiylik, hurmat va sadoqat ekanini aytdi. U xorijda mansab egalari oddiy odamlar bilan teng munosabatda bo‘lishini, bu unga katta ta’sir qilganini ta’kidladi. Shuningdek, u maktablarda diniy ta’limning ahamiyatini ham qayd etdi.

Source: www.gazeta.uz