Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Bugungi kunda O‘zbekistonda 16 mingga yaqin hindistonlik talaba tahsil olmoqda, ularning aksariyati tibbiyot yo‘nalishlarida o‘qimoqda. Bu haqda Hindiston Tashqi ishlar vazirligining G‘arbiy yo‘nalish bo‘yicha kotibi Sibi Jorj ma’lum qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining Toshkentdagi muzokaralari yakunlari bo‘yicha tomonlar ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Xususan, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy loyihalar hamda ikki mamlakat oliygohlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Sibi Jorjning qo‘shimcha qilishicha, Narendra Modi O‘zbekiston tomoniga GIFT City haqida so‘zlab bergan. Bu Hindistonning Gujarat shtatidagi maxsus moliyaviy-texnologik markaz bo‘lib, mamlakat u yerga xorijiy universitetlar kampuslarini jalb etishga intilmoqda. “Ehtimol, O‘zbekiston delegatsiyasi bu masalani batafsilroq o‘rganish uchun Hindistonga tashrif buyurar”, — dedi TIV vakili.

Toshkentda esa yetakchi xorijiy va mahalliy oliy ta’lim muassasalarining filiallari, o‘quv kampuslari va talabalar turar joylarini o‘z ichiga olgan Xalqaro universitetlar shaharchasini barpo etish rejalashtirilmoqda. Loyihani ishlab chiqish jarayonida Qatardagi Education City, Dubaydagi Xalqaro akademik shaharcha hamda Inchxondagi Global kampus tajribasini o‘rganish taklif etilgan.

Sibi Jorjning so‘zlariga ko‘ra, ta’lim sohasidagi aloqalarning kengayishi yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi mumkin. Tashrif chog‘ida Narendra Modi, shuningdek, Toshkentda vafot etganiga 60 yil to‘lishi munosabati bilan Hindistonning sobiq bosh vaziri La’l Bahodir Shastri xotirasiga o‘zbekistonlik talabalarning hind tilini o‘rganishlari uchun uning nomidagi 100 ta stipendiya ajratilishini e’lon qildi.

Bundan tashqari, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Hindiston Madaniy aloqalar kengashining (ICCR) sanskrit kafedrasini ochish rejalashtirilmoqda. Hindiston tomoni ta’lim sohasidagi hamkorlikning kengayishini ikki mamlakatning strategik dasturlari — “O‘zbekiston — 2030” hamda Hindistonning 2047-yilga borib rivojlangan davlatga aylanish rejalari bilan bog‘ladi.

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston oliygohlarida 50 dan ortiq mamlakatdan kelgan 24 647 nafar xorijlik talaba tahsil olmoqda. Ularning yarmidan ko‘pi — 13 060 nafari — Hindiston fuqarolaridir. Keyingi o‘rinlarni Turkmaniston (4884 nafar), Pokiston (1165 nafar) va Qozog‘iston (1129 nafar) talabalari egallagan.

Chet elliklar orasida eng ommabop yo‘nalish tibbiyot hisoblanadi: uni 16 476 nafar talaba yoki jami xorijiy kontingentning qariyb 67 foizi o‘rganmoqda. Eng ko‘p xorijlik talaba Toshkent davlat tibbiyot universiteti (4155 nafar) va Samarqand davlat tibbiyot universitetida (4153 nafar) tahsil oladi. Keyingi o‘rinlarda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti (2886 nafar), Buxoro davlat tibbiyot instituti (2178 nafar) va O‘zbekiston Milliy universiteti (1917 nafar) qayd etilgan.

Agentlik ma’lumotlari HEMIS axborot tizimiga asoslangan bo‘lib, oliygohlarda rasman ro‘yxatda turgan xorijlik talabalar sonini aks ettiradi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar−iyun oylarida O‘zbekistonga o‘qish maqsadida 21 042 nafar xorij fuqarosi kelgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,5 ming nafarga yoki 2,2 barobarga ko‘pdir.

Eng ko‘p talaba Turkmanistondan kelgan — 9207 nafar. Keyingi pog‘onalardan Hindiston (3723), Tojikiston (1915), Xitoy (951), Qirg‘iziston (834), Pokiston (689), Misr (603), Janubiy Koreya (526), Filippin (367) va AQSh (302) joy olgan. Yanvar−iyul oylarida O‘zbekistonga ta’lim olish maqsadida kelgan Hindiston fuqarolari soni 3853 nafarga yetdi. Shu davr mobaynida O‘zbekistondan Hindistonga o‘qish uchun 44 nafar fuqaro ketgan.

Bundan tashqari, yanvar−iyul oylarida Hindistondan O‘zbekistonga 32 462 nafar sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 12 003 nafar O‘zbekiston fuqarosi Hindiston bo‘ylab sayohat qilgan. Hindiston TIV ma’lumotlari O‘zbekistonda tahsil olayotgan hindistonlik talabalarning umumiy sonini ko‘rsatsa, O‘zbekiston statistikasi muayyan davr ichida mamlakatga aynan o‘qish maqsadida kirib kelgan Hindiston fuqarolari sonini aks ettiradi.

Source: www.gazeta.uz