O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida uran yetkazib berish bo‘yicha yangi uzoq muddatli bitim imzolanishi kutilmoqda. Bu haqda Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining Toshkentga davlat tashrifi chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazgan muzokaralari yakunlari bo‘yicha Hindiston Tashqi ishlar vazirligining G‘arbiy yo‘nalish bo‘yicha kotibi Sibi Jorj ma’lum qildi.
Sibi Jorjning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar uran yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni imzolashga juda yaqin. “Hindistonga uran yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli kelishuv yuzasidan ijobiy muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Biz yaqin orada bitimni imzolashga juda yaqinmiz”, — dedi u.
Narendra Modi O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida amaldagi uzoq muddatli kelishuv ijrosidagi siljishni ijobiy baholadi va muhim ahamiyatga ega minerallar sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Tashrif yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda geologiya, tog‘-kon sanoati, atom energetikasi hamda strategik minerallar sohasida hamkorlik qilish istagi qayd etildi.
Tomonlar geoqidiruv, mineral xomashyoni qazib olish va qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hamda yetkazib berish zanjirlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Hindiston kompaniyalarini O‘zbekistondagi istiqbolli konlarni o‘zlashtirishga jalb etish va atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlikni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
World Nuclear News ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston atom energetikasining o‘rnatilgan quvvati taxminan 7,9 GVtni tashkil etadi va mamlakatda 24 ta atom energobloki faoliyat yuritmoqda. Hindiston 2047-yilga borib atom generatsiyasi quvvatini 100 GVtga yetkazishni maqsad qilgan.
AESlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun Hindiston ko‘p jihatdan chetdan keltiriladigan uranga tayanadi. Hozirda u Qozog‘iston, Rossiya, O‘zbekiston va Kanadadan uran sotib oladi. O‘zbekiston uranini yetkazib berish bo‘yicha amaldagi shartnoma 2026-yilgacha mo‘ljallangan.
So‘nggi oylarda Hindiston Avstraliyadan uran yetkazib berish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishdi va Kanadaning Cameco kompaniyasi bilan uzoq muddatli bitim imzoladi. Butunjahon yadroviy assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekiston taxminan 4000 tonna uran ishlab chiqargan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 7000 tonnaga yetdi. O‘zbekiston uran zaxiralari 139 ming tonna deb baholanmoqda.
Source: www.gazeta.uz