Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo Yusupov tavalludining 103 yilligi munosabati bilan uning hayoti va ijodiga oid maxsus test tayyorlandi. Ushbu test orqali o‘quvchilar shoirning boy adabiy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shukrullo Yusupov 1921-yil 2-sentabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U dastlab 1938-yili Qoraqalpog‘istonda o‘qituvchilik qilgan bo‘lsa, keyinchalik 1944-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutini tamomlagan. 1945-yilgacha Toshkentda muallimlik faoliyati bilan shug‘ullangan shoir, 1949-yilga qadar Yozuvchilar uyushmasida faoliyat yuritgan, shuningdek, O‘zbekiston davlat nashriyotida ham ishlagan.

Adibning ilk she’riy to‘plamlari — “Birinchi daftar” va “Qalb qo‘shiqlari” 1949-yilda chop etilgan. Keyingi yillarda uning qalamidan “Hayot ilhomlari”, “Umrim boricha”, “Inson va yaxshilik” kabi kitoblar (1959−1964-yillar), shuningdek, “Zarralar”, “Suyanchiq”, “Yashagim keladi”, “Sening baxting” (1973−1988-yillar) va “To‘kilgan dardlarim” (2001-yil) singari she’riy to‘plamlar maydonga kelgan.

Shukrullo Yusupov, shuningdek, “Chollar”, “Rossiya”, “Ikki qoya”, “Gul va otash”, “Ko‘ngil chirog‘i” kabi asarlar muallifi sifatida tanilgan. Uning “Javohirot sandig‘i”, “Kafansiz ko‘milganlar”, “Qasosli dunyo” va “Tirik ruhlar” roman-xronikalari ham o‘zbek adabiyotining muhim namunasi hisoblanadi.

Shoir ijodiy faoliyati davomida jahon adabiyoti durdonalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Xususan, Karlo Gotssi, Shandor Petyofi va Taras Shevchenko asarlari uning mahoratli tarjimalari orqali o‘zbek o‘quvchilariga yetkazilgan. Shukrullo Yusupov “Do‘stlik” va “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan.

Adibning hayoti og‘ir sinovlarga boy bo‘lgan. 1951-yilda u millatchilik va sovetlarga qarshi targ‘ibotda ayblanib, 25 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Biroq Stalin vafotidan so‘ng, 1955-yilda ozod qilingan. Shoir 2020-yilda vafot etgan bo‘lib, bugun uning ijodiy merosi xalqimiz tomonidan chuqur hurmat bilan yod etilmoqda.

Source: www.gazeta.uz