Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Yakkasaroy tumani, Glinka ko‘chasida kuchli portlash sodir bo‘lgani va avtomobillar shikastlangani haqida xabarlar tarqaldi.
E’lon qilingan kadrlarda yo‘l qoplamasining yorilishi ham ko‘rinib turibdi. Hodisa joyida shahar hokimligi vakillari va maxsus xizmatlar ish olib bormoqda.
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida bir kishi engil tan jarohati olgan. Unga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Hozirda ko‘chaning ushbu qismida harakat vaqtincha to‘xtatilgan. Haydovchilardan muqobil yo‘nalishlarni tanlash so‘ralmoqda.
Voqea sabablari aniqlanmoqda. Vaziyat shahar hokimligi nazoratida, joyda tegishli tashkilot va mutaxassislar ishlamoqda.
“Veolia Energy Tashkent” kompaniyasi ham hodisaga munosabat bildirib, voqea joyiga avariya-ta’mirlash guruhini yuborgan. Kompaniya mutaxassislari favqulodda xizmatlar bilan birgalikda yorilish sabablari va holatlarini o‘rganmoqda.
Qayd etilishicha, hozircha issiqlik ta’minoti tizimida oqish aniqlanmagan.
Source: uznews.uz