Iyul oyi boshida prezident raisligida o'tkazilgan yig'ilishda Sergeli va Yangihayot tumanlari aholisini bezovta qilgan muammo — suv tozalash inshooti atrofidagi yoqimsiz hid masalasi muhokama qilindi.
Mas'ul shaxslarga 1 sentabrgacha zamonaviy filtr qurilmalarini o'rnatish va muammoni bartaraf etish topshirig'i berilgan edi.
Poytaxt hokimligi xabariga ko'ra, 'Salar' inshootlarida yoqimsiz hidni yo'qotish bo'yicha amaliy choralar ko'rildi. Ushbu inshoot Toshkentning 7 tumanidan keladigan oqava suvlarni qabul qiladi va tozalaydi. Kunlik quvvati 900 ming kubometrni tashkil etadi.
Yoqimsiz hidni kamaytirish uchun qiymati 9,5 milliard so'm bo'lgan zamonaviy filtr uskunalari o'rnatildi. 'Oqava suvli hovuzlar germetik yopilgan, yoqimsiz hidli havo filtrlardan o'tib, tozalanadi va zararsizlantiriladi', deyiladi xabarda.
'Toshkent shahar suv ta'minoti' AJ bosh texnologi Dononboy Qozibekovning aytishicha, Toshkent suv ta'minoti tizimi rahbariyati Rossiya tomoni bilan muzokaralar olib borgan va natijada havo tozalash uskunasi yetkazib berilgan.
Qurilmada havo ventilyator yordamida so'riladi va 11,5 tonna maxsus material — katalitik sorbentdan o'tadi. Ultrabinafsha nurlar ta'sirida ozonlash va ifloslantiruvchi moddalarning oksidlanishi sodir bo'ladi.
So'ngra havo 2,5 tonna faollashtirilgan ko'mirdan o'tkaziladi. Tozalashdan so'ng chiqishda vodorod sulfidi konsentratsiyasi nolga teng, ammiak konsentratsiyasi ham nolga teng.
Uskuna 15 kundan ortiq vaqtdan beri ishlamoqda. Natijada inshoot atrofidagi yoqimsiz hid yo'qoldi, bu yaqin hududlar aholisi tomonidan tasdiqlanmoqda.
Source: uznews.uz