Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Sentabr oyining dastlabki kunlarida Hisor davlat qo‘riqxonasida keskin sovuq kuzatilmoqda. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘riqxonaning Mirakin va Gelon bo‘limlarining baland tog‘li hududlari qor bilan qoplandi. Bu, odatda, sentabr oyi uchun xos bo‘lmagan hodisa bo‘lib, iqlim o‘zgarishining yana bir belgisi sifatida baholanmoqda.

Hisor davlat qo‘riqxonasi 1983-yilda Qashqadaryo viloyatida tashkil etilgan bo‘lib, Hisor tizmasi shimoli-g‘arbiy yonbag‘irlaridagi tabiiy majmualarni asl holida saqlash, tabiiy jarayonlarning kechishini o‘rganish, noyob flora va fauna vakillarini himoya qilish maqsadida tashkil etilgan.

Qo‘riqxona Gelon, Mirakin, Tanxozdaryo va Qizilsuv bo‘limlaridan iborat. Uning umumiy maydoni taxminan 81 ming gektarni tashkil etadi, shundan 35 ming gektari baland tog‘li hududlar, qoyalar, jarliklar va muzliklardir.

Source: uznews.uz