Superliga klublariga bu yil 6 tagacha legioner ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilgan. PFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev bu limitning sababini tushuntirdi.
Imomxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, hozirda legionerlar mahalliy o‘zbekistonlik futbolchilarga qaraganda kamroq maosh olmoqda. "PFL hozir barcha shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkaza oladi va sizga aytishim mumkinki, legionerlarning 95 foizi mahalliy o‘zbekistonlik futbolchilardan kam maosh oladi. Ya'ni bu limit bizga mahalliy futbolchilarning narxini sun'iy ravishda oshirmaslik va muvozanatni saqlash uchun ham kerak," dedi u.
Ma'lumot uchun: 2026 yildan boshlab Superliga klublari PFL ro‘yxatiga 6 legionerni kiritish huquqiga ega bo‘ladi, shu bilan birga maydonda bir vaqtning o‘zida 5 nafari o‘ynashi mumkin.
Transfer oynasi yopilgandan keyin e'lon qilingan ma'lumotlarga ko‘ra, bu yil Superligada 83 legioner ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Eng ko‘p legionerlar Serbiya va Gruziyadan – har biridan 13 nafar. Keyin Nigeriya (7), Braziliya, Shimoliy Makedoniya va Rossiya – har biridan 5 nafar kelgan.
Source: kun.uz