Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Regulyator inflyatsiyaning pasayish tendensiyasi davom etayotgani va iqtisodiyotda ayrim muvozanatlashuv belgilari kuzatilayotganiga qaramay, inflyatsiyani oshiruvchi xatarlar saqlanib qolayotgani sababli joriy qat’iy pul-kredit sharoitlarini davom ettirish zarur, deb hisoblamoqda.

Avgust oyida umumiy inflyatsiya 6,2 foizgacha sekinlashib, pasayish tendensiyasini davom ettirdi. Bazaviy inflyatsiya esa 5,5 foiz darajasida shakllandi. Shu bilan birga, yillik narx o‘sishi 5 foizdan yuqori bo‘lgan tovar va xizmatlar ulushining ortishi iqtisodiyotda barqaror xususiyatga ega narx bosimlari hali ham saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari ham pasayishda davom etdi. Biroq ularning pasayish dinamikasi umumiy inflyatsiya sekinlashuviga nisbatan pastroq bo‘ldi. Bu narx belgilash jarayonlarida ma’lum darajada inflyatsion inersiya ta’siri davom etayotganini anglatadi.

Chakana savdo, xizmatlar sohasi va investitsiyalar dinamikasidagi ijobiy tendensiyalar iste’mol hamda investitsion talab faolligini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi oylarda yalpi talabning ayrim tarkibiy qismlarida barqarorlashuv belgilari namoyon bo‘la boshladi. Jumladan, amaldagi pul-kredit sharoitlari ta’sirida iqtisodiyotga ajratilayotgan kreditlarning o‘sish sur’atlari bosqichma-bosqich maqbullashmoqda. Bunda ijobiy real foiz stavkalari aholining jamg‘arishga bo‘lgan moyilligini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Jahon xomashyo, oziq-ovqat va energiya bozorlarida narxlarning yuqori darajada saqlanib qolayotgani o‘rta muddatli istiqbolda import narxlari, transport va logistika xarajatlari orqali ichki inflyatsiyaga bosim o‘tkazishi mumkin. Tashqi narx shoklarining ichki inflyatsiyaga ikkilamchi ta’siri ko‘lami ko‘p jihatdan ichki talab dinamikasi va ko‘riladigan tarkibiy choralarga bog‘liq bo‘ladi. Ayrim asosiy savdo hamkorlari valyutalarining qadrsizlanishi fonida so‘mning real samarali almashuv kursi yil davomida mustahkamlanmoqda. Bu import narxlari orqali inflyatsion bosimlarni yumshatuvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish jarayoni davom etayotgani ishlab chiqarish xarajatlari va xizmatlar narxlari orqali ikkilamchi inflyatsion ta’sirlarni kuchaytirishi mumkin.

Markaziy bankka ko‘ra, ushbu xatarlarning barqaror inflyatsion jarayonlarga aylanishini cheklash, ehtimoliy ikkilamchi ta’sirlarni yumshatish hamda inflyatsion kutilmalarning izchil pasayishini ta’minlash uchun joriy qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish zarur. Regulyator inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar dinamikasi, ichki talab omillari hamda tashqi iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib boradi. Qayd etilishicha, inflyatsiyani 2027-yil yakuniga qadar 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga tushirish uchun zarur bo‘lgan pul-kredit sharoitlari ta’minlanadi. Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026-yil 28-oktabr kuniga belgilangan.

Markaziy bank asosiy stavkasi — pul-kredit siyosatining asosiy instrumentlaridan biri hisoblanadi. Banklararo pul bozoridagi foiz stavkalari, shuningdek, Markaziy bank tomonidan bank tizimiga likvidlikni taqdim etish bevosita asosiy stavkaga bog‘liq. Shunday qilib, asosiy stavka iqtisodiyotdagi foiz stavkalari darajasiga, shuningdek, aholi va biznesning iste’mol va investitsion qarorlariga ta’sir ko‘rsatgan holda ichki talab va inflyatsiya darajasi o‘zgarishida ahamiyat kasb etadi. O‘z navbatida, tijorat banklari asosiy stavkaning trayektoriyasini kuzatib, pul bozoridagi likvidlik yaqin kelajakda arzon yoki qimmatlashishini tushunadi. Tabiiyki, bu esa, banklarni o‘z mahsulotlari va xizmatlari narxlarini o‘zgartirishga undaydi (masalan, aholi va tadbirkorlardan jalb etiladigan omonatlar va ularga ajratiladigan kreditlar bilan bog‘liq xarajatlar).

Agar iqtisodiyotda inflyatsiya darajasining o‘sish sur’ati jiddiy tezlashsa va Markaziy bank asosiy stavkani ko‘tarsa, ushbu holat banklar tomonidan depozit va kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini oshirish ehtimolini yuzaga keltiradi. Bu esa, banklararo va umuman olganda pul bozorida mablag‘larni jalb etish bilan bog‘liq xarajatlarning oshishiga olib keladi. Inflyatsiya darajasi hamda asosiy stavkaning pasayishi banklararo pul bozorida pul mablag‘larini jalb etish arzonlashishiga, bu esa yuqori bo‘lmagan foiz stavkalarida kreditlar ajratish orqali aholi va tadbirkorlar uchun moliyaviy manbalarning maqbullashishiga sabab bo‘ladi. Foiz stavkalarining pasayishi bank bozoridagi raqobatga ham juda bog‘liq.

Source: www.gazeta.uz