Toshkent shahar hokimiyati Situatsion markazida poytaxt maktablarida o‘quvchilar davomatini nazorat qilish va darslarni sababsiz qoldirish holatlarini o‘z vaqtida aniqlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda yangi SI Davomat tizimi, uning ishlash mexanizmi va Sergeli tumanida o‘tkazilgan tajriba natijalari muhokama qilindi. Tizim smart-kameralar va Face ID texnologiyasi yordamida o‘quvchilarning darslarda qatnashishini avtomatik ravishda qayd etadi.
«Agar o‘quvchi darslarni uzrli sababsiz qoldirsa, uning ota-onasiga SMS-xabarnoma yuboriladi. Bu haqdagi ma’lumot avtomatik ravishda maktab direktoriga, profilaktika inspektoriga, Milliy gvardiya xodimiga va mahalla vakillariga ham yuboriladi», — deyiladi xabarda.
Hozirda tizim Sergeli tumanidagi 26 ta maktabda sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu maktablarda 446 ta smart-kamera o‘rnatilgan. SI Davomat tizimi ERP Maktab va Sog‘liqni saqlash vazirligining DMED tizimlari bilan integratsiya qilingan.
«Bu o‘quvchilarning kasallik tufayli darsga kelmaganini uzrli sababsiz dars qoldirganlardan ajratish imkonini beradi», — deya qo‘shimcha qildi hokimiyat. Tizim ma’lumotlari asosida maktablar davomat ko‘rsatkichlariga qarab «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga bo‘linadi.
Ta’kidlanishicha, Sergeli tumanidagi tajriba natijalariga ko‘ra, tizimni Toshkentning boshqa umumta’lim maktablarida ham bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda.
Source: uznews.uz