Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindilarni qayta ishlash sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va elektr energiyasi ishlab chiqarish maqsadida yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari belgilandi. Bu haqda hukumat qarori qabul qilindi.

️ Qarorga ko‘ra, loyiha Xitoyning China Civil Engineering Construction Corporation (CCECC) va Cema Enviro Inc. (Henan Investment Group) kompaniyalari konsorsiumi tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun xorijiy korxona — loyiha kompaniyasi tashkil etiladi. Investor va O‘zbekiston hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida 2026-yil 14-sentabrda investitsiya shartnomasi imzolangan. Shuningdek, 11-sentabr kuni “O‘zenergosotish” AJ bilan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi bilan esa qattiq maishiy chiqindilarni yetkazib berish to‘g‘risida bitimlar tuzilgan.

️ Loyiha doirasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi “O‘zenergosotish” AJ tomonidan 30 yil davomida kafolatlangan tarzda sotib olinadi. Xaridlar milliy valyutada amalga oshiriladi. Shuningdek, agentlik loyiha kompaniyasiga 30 yil davomida qattiq maishiy chiqindilarni kafolatlangan hajmda yetkazib beradi. Elektr stansiyasini yagona elektr energetika tarmog‘iga ulash uchun zarur bo‘lgan havo elektr uzatish tarmoqlari va tegishli infratuzilma obyektlari loyiha kompaniyasi tomonidan quriladi. Obyektlar ishga tushirilganidan so‘ng “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga topshiriladi. Stansiyani ishga tushirishdan oldin uning elektr energetika tizimiga ta’siri baholanadi.

️ Investor va loyiha kompaniyasi 2026−2028-yillarda Jizzax viloyatida 130 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etishni ta’minlaydi. Loyiha doirasida kuniga 1 ming tonna chiqindini termik usulda qayta ishlash orqali 110 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega uskunalar ishga tushiriladi. Loyiha Sharof Rashidov tumanidagi G‘ozg‘ontepa mahallasi hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Buning uchun 10,8 gektar yer maydoni ajratiladi. Mazkur yerlar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkaziladi. Jizzax viloyati hokimligi bir oy muddatda ushbu yer maydonini ekosanoat zonasi tashkil etish uchun agentlikka doimiy foydalanish huquqi bilan ajratishni ta’minlaydi.

️ Qarorga muvofiq, loyiha kompaniyasi va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan yer uchastkalari uchun to‘lanadigan ijara to‘lovi yer solig‘i miqdoriga tenglashtiriladi. Loyihani moliyalashtirish doirasida kompaniyaga xorijiy banklarda hisobvaraqlar ochish, chet el valyutasida kreditlar olish va ulardan foydalanish huquqi beriladi. Shuningdek, O‘zbekistondan tashqaridagi xorijiy pudrat tashkilotlari, yetkazib beruvchilar va kreditorlarga to‘lovlarni O‘zbekistondagi bank hisobvaraqlari orqali o‘tkazmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirishga ruxsat etiladi. Loyiha kompaniyasi qurilish davridagi majburiyatlarini ta’minlash uchun 8 million AQSh dollari miqdorida birinchi darajali bank kafolatini taqdim etadi. Investorning loyiha doirasidagi huquq va majburiyatlari o‘zi tomonidan tashkil etiladigan loyiha kompaniyasi foydasiga o‘tkaziladi.

️ Loyihani amalga oshirish uchun jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar va ularning oila a’zolariga kirish vizalarini rasmiylashtirish, ko‘p martalik vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish choralari ko‘riladi. Shuningdek, xorijiy mutaxassislarga O‘zbekiston hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalarni rasmiylashtirish ta’minlanadi. Loyiha doirasida elektr energiyasini xarid qilish va chiqindilarni yetkazib berish majburiyatlarini ta’minlash maqsadida respublika banklarida tasdiqlangan va tiklanadigan akkreditivlar ochilishiga ruxsat berildi. Qaror ijrosi doirasida loyiha hujjatlarining ekologik ekspertizadan o‘tkazilishi va tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik talablariga rioya etilishi ta’minlanadi. Loyihaning amalga oshirilishi va tomonlar o‘rtasidagi bitimlar bo‘yicha majburiyatlar bajarilishi ustidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Energetika vazirligi tomonidan doimiy nazorat o‘rnatiladi.

️ Avvalroq Janubiy Koreyaning Green Hammer kompaniyasi Xorazmda maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi zavod qurilishiga $100 mln investitsiya kiritishi haqida xabar berilgandi. 2024-yil oktabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev maishiy chiqindilarni qayta ishlash va ulardan elektr energiyasi hamda mahsulot ishlab chiqarish loyihalari haqida gapirar ekan, bu sohani “shunchaki zavodlar emas, balki taqdiriy ahamiyatga ega masalalardan biri” deb atagan. 2025-yil mart oyida u qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida qaror imzolagan. Shunday loyihalardan biri Samarqandda Xitoyning Shanghai SUS Environment kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. SUS Environment Samarkand zavodi “Xushrav” massividagi “Navro‘z” mahallasida joylashgan markaziy poligon hududida qurilmoqda: loyiha uchun poligonning 100 gektar maydonidan 15 gektari ajratilgan. Korxona poydevoriga tamal toshi 2025-yil 18-iyul kuni qo‘yilgan, hozirda qurilish ishlari davom etmoqda. O‘tgan yil yozida obyektni Gazeta jurnalisti Otabek Turdiyev borib ko‘rgan. Chiqindilarni yoqish zavodlari sanoat va qattiq maishiy chiqindilarni qozonlar yoki pechlarda termik qayta ishlash texnologiyasi asosida ishlaydi. Yonish jarayonida hosil bo‘lgan issiqlikdan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarishda foydalaniladi.

Source: www.gazeta.uz